Bill va Xillari Klinton Kongressda ko‘rsatma beradi (+video)
AQSH sobiq prezidenti Bill Klinton va uning turmush o‘rtog‘i, sobiq davlat kotibi Xillari Klinton AQSH Vakolatlar palatasining Nazorat qo‘mitasiga kelib, Jeffri Epshteyn bilan bog‘liq masala yuzasidan ko‘rsatma berishga rozi bo‘ldi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
Qo‘mita respublikachilar tashabbusi bilan Epshteynning nufuzli shaxslar bilan aloqalarini tekshirmoqda. AQSH Adliya vazirligi tomonidan oshkor qilingan millionlab hujjatlarda Bill Klinton nomi bir necha bor tilga olingan, shuningdek, sobiq prezidentning Epshteyn bilan tushgan suratlari ham mavjud.
Shu bilan birga, Epshteynning qurbonlari hech qachon Bill yoki Xillari Klintonga nisbatan ayblov qo‘ymagan. Klintonlar esa moliyachining jinoyatlari haqida hech narsa bilmaganini ta’kidlab keladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, agar Klintonlar eshituvlarga kelmaganida, ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin edi. Vakolatlar palatasi ularni Kongressga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlikka tortish masalasini ovozga qo‘yishni rejalashtirgan.
AQSH Kongressi chaqiruv bo‘yicha kelmagan shaxslarni hibsga olish yoki sud orqali majburlash huquqiga ega. Kongressga hurmatsizlik qilish 100 ming dollargacha jarima yoki bir yilgacha qamoq jazosi bilan jazolanadi.
Nazorat qo‘mitasi rahbari, respublikachi Jeyms Komerning aytishicha, Klintonlar taxminan besh oy oldin ko‘rsatma berishga chaqirilgan, ammo kelmagan. Keyinchalik qo‘mita ularni jinoiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qaror qabul qilgan, bu qarorni ayrim demokratlar ham qo‘llab-quvvatlagan.
Shundan keyin Klintonlar advokatlarining maslahatiga tayanib, Epshteyn haqida o‘zlarida bo‘lgan cheklangan ma’lumotlarni taqdim etgan.
Klintonlar bu chaqiruvlarni siyosiy sabablar bilan o‘tkazilayotganini, ularni obro‘sizlantirishga qaratilganini ta’kidlab kelgan. Ular buni Donald Tramp topshirig‘i bilan qilingan harakat deb hisoblaydi.
Dushanba kuni Bill Klintonning vakili juftlik Kongress eshituvlarida qatnashishini tasdiqladi. Uning aytishicha, Klintonlar tergov bilan halol hamkorlik qilgan va barcha bilganlarini qasamyod ostida aytgan.
Bill Klintonning Epshteyn bilan birga tushgan suratlari 1990-yillardan 2000-yillar boshigacha bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Bu Epshteyn hibsga olinishidan oldingi vaqt. Klintonlar Epshteyn bilan aloqalarini jinoyatlar oshkor bo‘lishidan oldin to‘xtatganini aytadi. Shu bilan birga, Bill Klinton 2002-2003 yillarda Epshteynning xususiy samolyotida to‘rt marta uchganini tan olgan.
Ayrim AQSH OAVlari esa Klinton Epshteyn samolyotida 20 martadan ortiq parvoz qilganini, ba’zi safarlarda, hatto Qo‘shma Shtatlar maxfiy xizmati hamrohligi bo‘lmaganini ma’lum qilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eS_pchNp4Ao" title="Bill va Xillari Klinton Kongressda ko‘rsatma beradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA