Bilimli yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari
Har bir davlatning kelajak taqdiri har tomonlama yetuk, bilimli yoshlarning qo‘lida.
Shuning uchun ham bugungi kunda ta’lim sohasiga bo‘lgan e’tibor dolzarb masala bo‘lib kelmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish maqsadida ilgari surilgan besh muhim tashabbus yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, yoshlar orasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash yoshlarimizga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirmoqda.
Mazkur besh muhim tashabbusni yanada o‘quvchilar o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida Toshkent shahar Shayxontohur tumani 169-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Shayxontohur tuman xokimligi va bir qator tashkilotlar hamkorligida “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir san’at – go‘zallik timsoli, sport – salomatlik garovi, kitobxonlik – ma’naviy barkamollik garovi kabi yo‘nalishlarni qamrab olib, soha mutaxassislari o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashda nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida tushuncha, maslahatlar berishdi.
– Turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyo manzaralarida yoshlarimizning ma’naviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish har qachongidan ham dolzarbroq ekanini zamonning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Shuning uchun ham bu kabi tadbirlarni keng tashkil etish muhimdir. Chunki o‘quvchilarni ma’nan yetuk, aqlan barkamol, keng dunyoqarashli, eng muhimi jamiyatimizga xizmat qiladigan kadr sifatida tarbiyalash uchun bu hislatlar pedagog-muallimlarning o‘zida mavjud bo‘lishi kerak, – deydi maktab direktori Gulnozaxon Ergasheva.
Tadbir yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha faol ishtirok etgan ishtirokchilar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Fayzullo Yahyoyev,
O‘zA