Bilimli yoshlar – ishonchli kelajak garovi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining malaka oshirish institutida “Kasaba uyushmalari tizimida yoshlar siyosatini amalga oshirishda yoshlar masalalari bo‘yicha rais maslahatchilari faoliyati samaradorligini oshirish” mavzusida malaka oshirish kurslari boshlandi.
O‘quv kursini O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o‘rinbosari B.Maxmadaliyev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Yangi O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining o‘ziga xos jihatlari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining yoshlarga oid siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida so‘z yuritdi. O‘zbekistonda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar dunyo miqyosida tan olinayotgani, o‘tgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko‘ra O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e’tirof etilgani qayd etildi. Shuningdek, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi – 2030”ni namunaviy tarzda amalga oshirish bo‘yicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biri aynan O‘zbekiston ekani ta’kidlandi.

Bundan tashqari, yoshlar siyosatini amalga oshirish yo‘lida belgilangan vazifalar Bosh kelishuv, tarmoq va hududiy kelishuvlar hamda korxona, tashkilot va muassasalarda imzolanayotgan Jamoa shartnomalarida o‘z ifodasini topib kelayotgani, Jamoa kelishuvlari va shartnomalariga, “Yoshlar uchun qo‘shimcha imtiyoz va kafolatlar” bo‘limi kiritilib, yosh mehnatkashlar uchun aniq va kafolatli imtiyozlar berib kelinayotgani yoshlar uchun katta imkoniyatlar taqdim etayotganiga urg‘u berildi.

Yangi Mehnat kodeksiga moslashtirilgan Jamoa shartnomalari va kelishuvlari hamda Kasaba uyushmalari tashkilotlarida kompleks integrallashgan axborot tizimi (KIAT)ni joriy etish kabi mavzularda tinglovchilarga bir qator ma’lumotlar berildi.
Interaktiv usullar va kreativ debatlar asosida o‘tgan jarayonlarda tinglovchilar ham faol qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. O‘quv kursi 21 dekabrga qadar davom etadi.

– Hayot shiddat bilan rivojlanar ekan barchamizdan izlanishni, intilishni talab etaveradi, – dedi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Yoshlar bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi Sarvar Ishoqov. – Zero, bugun mamlakatimiz hayotining barcha sohasi qatori kasaba uyumalarida ham yangi davr boshlandi. Bu davr fidoyilik va samarali mehnat qilish orqali ishchi-xodimlarning kasbiy, mehnatga oid ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularni hayotdan rozi qilishni talab etmoqda.

Shu bois, kasaba uyushma tizimida ham soha xodimlarini doimiy ravishda o‘qitib borish va ularning malakasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Malaka oshirish kursida Respublika tarmoq kasaba uyushmalari va huduiy Kengashlar raislarining Yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA