“Bilimlar kuni” tadbirida yoshlar faol ishtirok etdi
Jizzax shahridagi Prezident maktabida tashkil etilgan “Bilimlar kuni” tadbirida Jizzax viloyati hokimi ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Ergash Soliyev, Jizzax shahridagi Prezident maktabi akademik direktori janob Noman Xan so‘zga chiqib Yangi O‘zbekiston kelajagini mustahkam yaratishga poydevor bo‘ladigan ilm maskani – Jizzax shahridagi Prezident maktabi o‘quvchi va o‘qituvchilar jamoasini yangi o‘quv yili – “Bilimlar kuni” bilan samimiy qutladi.
“Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining yorqin samaralarini berayotgani, joriy yilning 28 avgust kuni davlatimiz rahbari raisligida maktab ta’limidagi masalalarni muhokama qilish va ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilar zimmasiga yuklatilgan vazifalar hamda Prezidentimizning 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida xalq ta’limi tizimidagi yangilanishlar ko‘lami kengaytirib yuborilganligi ta’kidlandi.
[gallery-13435]
Mazkur qarorga asosan respublikamizda tashkil etilgan Prezident maktablarini bu yil ko‘plab iqtidorli yoshlar, ya’ni birinchi qaldirg‘ochlar bitirib, dunyoda reytingi baland xalqaro va milliy universitetlarga o‘qishga kirdi.
Ushbu Prezident maktabining yangi o‘quv yiliga 5-sinfiga o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan uch yarim mingga yaqin o‘quvchilar orasidan ikki bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan 24 nafar iqtidorli o‘quvchi mazkur ta’lim muassasasida joriy yangi o‘quv yilida o‘qishni boshladi.
– Prezident maktabi o‘quvchilari – Ona vatanimiz ma’naviy boyligi, “Oltin fondi” hisoblanadi. Sizning orangizdan hozirgi zamonning, Yangi O‘zbekistonning Ibn Sinolari, Beruniylari, Al Xorazmiylari, Al Farg‘oniylari, Ulug‘beklari yetishib chiqishiga ishonaman, – dedi viloyat hokimi o‘z tabrik nutqida.
Mazkur o‘quv muassasasidagi 120 o‘rinli oshxonada barcha sharoitlar yaratilgan. 50 o‘rinli maktab kutubxonasida 9 ming 500 nusxadan ziyod eng sara kitob va qo‘llanmalardan iborat kitob fondi mavjud. Yotoqxonada o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini maroqli o‘tkazish va dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Eng muhimi, maktabdagi o‘quv-tarbiya jarayonlari xalqaro Kembridj Essessment Interneyshnl Edikeyshn (Cambridge Assessment International Education) ta’lim sistemasi va mahalliy tizimimizning integratsiyalashuvi asosida tashkil etilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilarning iqtidori, aniq fanlar va texnologiyalarga qiziqishi, yaratuvchanlik salohiyatini o‘stirishga xizmat qiladigan robototexnika, modellashtirish, kreativ ijod to‘garaklari, fizika, kimyo, biologiya kabi tabiiy fanlarni chuqurlashtirilgan holda o‘zlashtirish imkonini beradigan laboratoriya xonalari tashkil etilgan.
Bugungi kunda Jizzax shahridagi Prezident maktabida Filippindan 4 nafar, Hindistondan 2 nafar, Pokiston, Buyuk Britaniya va Amerika Qo‘shma Shtatlaridan 1 nafardan jami 9 nafar xorijlik malakali o‘qituvchi yoshlarga ta’lim bermoqda.
Mana shu kabi yuqori sifatli ta’lim sharoiti, hech shubhasiz, mamlakatimizning yaqin kelajak istiqboli uchun juda katta imkoniyatlar eshigini ochib berishi shubhasiz.
Prezidentimizning 2022 yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi doirasida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 2022-2023 o‘quv yilida 168 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internat tashkil etilgani ham yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ushbu o‘quv yili uchun Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimiga o‘tkazilgan ixtisoslashtirilgan maktablarning aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishiga yangi o‘quv yili uchun ham o‘quvchilar qabuli bo‘lib o‘tdi. Ayni paytda, Jizzax viloyati bo‘yicha 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari tashkil etilgan bo‘lib, ushbu maktablarga 12 mingdan ortiq o‘quvchi hujjat topshirgan va ularning 2 mingga yaqini barcha tumanlarda tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarning 5-7 sinflariga o‘qishga qabul qilindi.
Agentlik tizimidagi ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalarni, eng yaxshi ta’lim dasturlarini, yaratilgan darsliklarni bosqichma-bosqich ushbu maktablarda ham joriy etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, agentlik yoshlarning chuqur bilim sohibi va komil shaxs bo‘lib tarbiyalanishi uchun barcha sharoitlarni yaratishda ta’lim tizimidagi muhim ahamiyatga ega bo‘g‘in vazifasini bajarishi shubhasiz.
Shu o‘rinda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktab o‘quvchilarining dastlabki yutuqlari haqida alohida to‘xtalib o‘tish joiz.
Joriy yil davomida 17 tadan ziyod xalqaro tanlov va olimpiadalarda o‘quvchilar ishtirok etib, Jizzax shahar 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktabning 8-sinf o‘quvchisi Duraxshon Alaxonov Al-Xorazmiy olimpiadasida 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida bronza medalini qo‘lga kiritdi. 6 nafar o‘quvchi esa “El-yurt Umidi” jamg‘armasi g‘oliblariga aylandi. 11 nafar o‘quvchi dunyodagi “Top – 500 talik”da turgan xalqaro oliy ta’lim muassasasiga qabul qilindi va grantlar yutib oldi.
Jizzax shahridagi Prezident maktabi o‘quvchisi Nozimbek Turg‘unboyev 120 dan ortiq xalqaro universitetning 6 million AQSH dollarlik grant sohibi bo‘ldi. Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi bitiruvchilari esa 100 foizlik natija bilan mahalliy va xalqaro oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi.
Tadbirda ushbu o‘quv muassasasi o‘quvchilarining badiiy chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Rasmiy marosim yakunlangach, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev mazkur Prezident maktabi o‘quvchilari bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ular tomonidan berilgan savollarga javob berdi, o‘quvchilar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlar yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berib, ijrosi doimiy nazoratida bo‘lishini ta’kidladi.
“Bilimlar kuni” doirasidagi yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan birinchi qo‘ng‘iroq tadbirlari viloyat shahar va tumanlaridagi barcha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA