Bilimlar kuni ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi
Bugun boshlangan yangi o‘quv yilida Jizzax viloyatidagi 562 ta umumta’lim maktabida Bilimlar kuni keng nishonlanib, ta’lim muassasasi ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan 30 ming nafardan ortiq 1-sinf o‘quvchilariga 12 turdagi “Prezident sovg‘asi” tantanali ravishda topshirildi.
Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida o‘tgan “Bilimlar kuni” tadbirida Jizzax viloyat hokimi Ergash Saliyev ishtirok etdi.
Viloyat rahbari, mamlakatimizda, jumladan, ta’lim tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotilar haqida so‘z yuritib, barcha tadbir ishtirokchilarini “Bilimlar kuni” bilan muborakbod etdi va ushbu ijod maktabi o‘quvchi yoshlari yuksak marralar sari dadil parvoz etib, ilm-ma’rifat cho‘qqilarini zabt etishlarida ulkan zafarlar tiladi.
– Siz aziz o‘quvchilar tahsil olayotgan ushbu Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi – Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida yuqori ball to‘planganlik bo‘yicha “Top-10” talik ro‘yxatiga ko‘ra mamlakatimizdagi maktablar o‘rtasida faxrli 2-o‘rinni egallagani alohida tahsinga loyiq. Bu, avvalo, ustozlaring mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatlari mahsulidir, – dedi Ergash Saliyev o‘z nutqida.
Shuningdek, bugun boshlangan 2024-2025 o‘quv yilidan viloyatda faoliyat yuritayotgan Jizzax shahridagi Prezident maktabi, Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi, yana hududlardagi 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda ta’lim-tarbiya olayotgan 4236 nafar o‘quvchiga 568 nafar malakali va iqtidorli, yetuk bilim va ko‘nikmalarga ega o‘z kasbining haqiqiy fidoiylari bo‘lgan pedagog xodimlar hamda 11 nafar xorijiy xalqaro toifali mutaxassislar tahsil berishi qayd etildi.
[gallery-19103]
Shundan so‘ng, ijod maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari, ijro etilgan she’r, qo‘shiq, kuy va raqslar ishtirokchilarga xush kayfiyat ulashdi.
Jizzax shahridagi 6-sonli umumta’lim maktabida tantanali ravishda nishonlangan Bilimlar kuni tadbirida viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Savurboyev ishtirok etdi va tadbirda so‘zga chiqib, mamlakatimizda “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida keng nishonlanayotgan Mustaqilligimizning 33 yili bayrami va yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan barcha ishtirokchilarni samimiy qutlab, joriy yil ushbu ta’lim muassasasiga qabul qilingan 1-sinf o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi”ni tantanali ravishda topshirdi.
– Maktabimizda jami 1874 nafar o‘quvchiga 135 nafar o‘qituvchi-pedagoglar ta’lim tarbiya berib kelmoqda, – deydi 6-sonli umumta’lim maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Mahbuba Xolmirzayeva. – Yakuniga yetgan 2023-2024 o‘quv yilida maktabimizni bitirgan 126 nafar o‘quvchining 70 nafarga yaqini turli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi va bu raqamlar so‘nggi ro‘yxatlar chiqqanidan so‘ng yana ortishiga ishonchimiz komil.
Shuningdek, Jizzax shahridagi 29-sonli umumta’lim maktabida Bilimlar kuni tadbiri xush kayfiyat va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
– Maktabimizda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi “Ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalari targ‘ibotini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 212-sonli qarori ijrosi doirasida viloyat IIB JXX YHX boshqarmasi bilan hamkorlikda birqator xayrli ishlar amalga oshirildi, – deydi ushbu maktab direktori Gulchehra Abdullayeva. – Maktabimizning iqtidorli o‘quvchilaridan tashkil topgan “Uchinchi renessans” jamoasi a’zolari respublika maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Yashil chiroq” musobaqasining viloyat bosqichi g‘olibligini qo‘lga kiritib, mamlakatimiz poytaxtida o‘tgan final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgani biz uchun katta faxrdir.
Tadbirda 90 nafar 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi”, “Yashil chiroq” bellashuvining final bosqichida qatnashgan 6 nafar musobaqa ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Viloyatdagi barcha ta’lim muassasalarida birinchi qo‘ng‘iroq jaranglab, viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida viloyat, shahar va tumanlardagi rahbar va ularning o‘rinbosarlari o‘zlari biriktirilgan maktablarda nishonlangan Bilimlar kuni tadbirida ishtirok etdi va o‘quvchilarga “Mustaqillik darsi”dan saboq berdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.