Bilimdonlar bogʻchasi bolajonlar ixtiyorida
Andijon shahrida “Bilimdonlar bogʻchasi” deb nomlangan 100 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Andijon shahrida “Bilimdonlar bogʻchasi” deb nomlangan 100 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.
Tadbirkor, oliy maʼlumotli pedagog Nazokatxon Ibrohimovaning saʼy-harakati bilan 2 milliard 200 million soʻm mablagʻ hisobiga davlat sherikchiligi asosida barpo etilgan ushbu maskanda bolalarni maktab taʼlimiga tayyorlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk va barkamol voyaga yetishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.
Uch qavatli, zamonaviy qiyofaga ega ushbu muassasada musiqa, sport, gimnastika, ingliz, rus tillari, mental arfimetika toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Mazkur maktabgacha taʼlim tashkilotining ishga tushishi bilan 19 ta yangi ish oʻrni yaratildi.



Bolajonlarga tajribali mutaxassislar ingliz va rus tillaridan saboq beradi, mental arfimetika boʻyicha maxsus dastur asosida mashgʻulotlar oʻtkaziladi.
Ayni kunda Andijon shahrida 56 davlat, 10 ta nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti, shuningdek, 20 dan ziyod uy bogʻcha faoliyat koʻrsatmoqda. Umuman, Andijon shahrida bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish 49,5 foizga yetgan.
Joriy yil oxiriga qadar Andijon shahrida yana 10 ga yaqin bogʻcha ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.

