Bilim – yangi davr valyutasi
Bugungi globallashuv sharoitida davlatlarning qudrati endi boshqacha mezonlar asosida baholanmoqda. Agar o‘tgan asrlarda mamlakat salohiyati uning hududi, aholi soni yoki tabiiy boyliklari bilan o‘lchangan bo‘lsa, XXI asr bu qarashni tubdan o‘zgartirdi. Endi raqobatda hal qiluvchi omil sifatida bilim, texnologiya va inson kapitali maydonga chiqmoqda.
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan yoshlar uchrashuvida Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shu haqiqatni alohida ta’kidladi.
“Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda”.
Bu fikrlar, avvalo, davlat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari o‘zgarayotganini anglatadi. Agar ilgari iqtisodiy o‘sish ko‘proq mavjud resurslarga tayangan bo‘lsa, bugungi kunda bilim yaratish, uni amaliyotga tatbiq etish va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash mamlakat raqobatbardoshligining asosiy shartiga aylanmoqda.
Bu g‘oyalar o‘zbek ma’naviy merosi bilan ham hamohang. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy:
“Kamol et kasbkim, olam uyidin,
Senga farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq”,
deya insonni kasb-hunarni puxta egallashga da’vat etadi. Bu hikmatning mohiyati ham bugungi “bilimlar iqtisodiyoti” g‘oyasi bilan uyg‘un. Chunki har ikkisida ham insonning qadri, jamiyatdagi o‘rni va kelajagi uning bilim saviyasi, kasbiy mahorati va salohiyati bilan belgilanishi ta’kidlanadi.

Shu bois davlat rahbarining yoshlar bilan uchrashuvida ta’lim, kasb-hunar va ilm-fan sohalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi tashabbuslar ilgari surildi. Bu tashabbuslar inson kapitaliga uzoq muddatli sarmoya sifatida qaralayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tgan muloqot nafaqat bayramona tadbir, balki mamlakat yoshlarining ta’lim olishi, zamonaviy kasb egallashi va mehnat bozorida munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yangi dasturlarning taqdimoti bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, e’lon qilingan tashabbuslarning asosiy qismi aynan ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy kasblarni ommalashtirish va oliy ta’limga kirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu esa mamlakat taraqqiyotining bosh omili sifatida inson kapitali tanlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
E’lon qilingan dasturlar ichida eng yirigi har yili 500 ming nafar yigit-qizni zamonaviy kasblarga o‘qitishni nazarda tutuvchi “Kelajak bilimlari ekotizimi” loyihasidir. Bu tashabbusning ko‘lamiyoq mamlakatda kasb-hunar ta’limiga mutlaqo yangi yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Loyiha doirasida o‘quv markazlari tashkil etmoqchi bo‘lgan tashabbuskorlarga yer maydonlari va davlat ob’ektlari imtiyozli shartlar asosida ajratiladi, zarur infratuzilma esa davlat tomonidan yaratiladi. Eng muhimi, davlat barcha vazifani o‘z zimmasiga olish emas, balki xususiy tashabbusni rag‘batlantirish orqali ta’lim tizimini kengaytirish yo‘lini tanlamoqda.
Ta’lim sohasidagi yana bir muhim yangilik “kasb vaucheri” tizimining joriy etilishidir. Unga ko‘ra, har yili 50 ming nafar yoshning o‘qish xarajatlari foizsiz ssuda hisobidan qoplanadi. Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yosh esa bepul vaucher asosida kasb o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur tizimning asosiy afzalligi shundaki, yoshlar qaysi o‘quv markazida va qaysi yo‘nalish bo‘yicha tahsil olishni mustaqil tanlaydi. Bu esa ta’lim sohasiga sog‘lom raqobat va tanlov tamoyillarini olib kirishga xizmat qiladi. Shu maqsadlar uchun joriy yilning o‘zida 120 milliard so‘m mablag‘ ajratilayotgani mazkur tashabbuslarning amaliy ijrosini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamdir.
Kasb-hunar ta’limi tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qarorlar ham alohida ahamiyatga ega. Jumladan, litsenziya talablarining soddalashtirilishi hamda yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham davlat grantlari ajratilishi sohada raqobat muhitini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bu yondashuv kasb-hunar ta’limida davlat va xususiy sektor hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi. Eng muhimi, sifatli xususiy ta’lim muassasalari endi faqat to‘lov-kontrakt asosida emas, davlat granti hisobiga tahsil oladigan yoshlar uchun ham ochiq bo‘ladi. Bu esa ta’limda teng imkoniyatlar yaratish va inson qadri tamoyilini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.
Yoshlarning xalqaro tajriba va ilg‘or bilimlarni egallashiga qaratilgan tashabbuslar ham yangi mazmun bilan boyitilmoqda. Ayni paytda 14 mingdan ortiq yigit-qiz nufuzli xorijiy oliygohlarda tahsil olmoqda. Endi ularning ta’lim jarayonini mamlakat taraqqiyoti bilan yanada uzviy bog‘lash maqsadida ta’til davrida vazirliklar, hokimliklar, davlat idoralari va xususiy kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkonini beruvchi maxsus raqamli platforma ishga tushiriladi.
Bu tashabbus xorijda tahsil olayotgan yoshlarni mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ertaroq jalb qilish imkonini yaratadi. Shuningdek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xususiy sektor buyurtmasi asosida xorijda mutaxassis tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
Yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasi ham e’tibor markazida. Shu maqsadda oliy ta’lim muassasasi bitiruvchisini ishga qabul qilgan tadbirkorlar uchun bir yil davomida daromad va ijtimoiy soliqning 1 foiz etib belgilanishi muhim rag‘batlantiruvchi mexanizm bo‘ladi. Bu ish beruvchilarning xarajatlarini kamaytirish bilan birga, 200 mingga yaqin bitiruvchining mehnat bozoriga tezroq kirib kelishini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yoshlar iqtidorini rag‘batlantirishga qaratilgan choralar ham kengaymoqda. “Muhammad al-Xorazmiy” nomidagi davlat stipendiyasi hamda qizlar uchun ta’sis etilayotgan “Muhandis qizlar” stipendiyasi axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Ayniqsa, qizlarni muhandislik va texnologik yo‘nalishlarga keng jalb etishga qaratilgan yondashuv mazkur sohalarda gender muvozanatini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Shu bilan birga, xalqaro fan olimpiadalari va sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblarini 1 milliard so‘mlik mukofot bilan taqdirlash tartibining joriy etilishi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yana bir samarali mexanizmi bo‘ladi.
Umuman olganda, e’lon qilingan tashabbuslar yagona tizimni tashkil etadi. Unda kasbga yo‘naltirish, zamonaviy kasblarni o‘rgatish, xususiy ta’limni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, amaliy tajriba orttirish va ish bilan ta’minlashgacha bo‘lgan barcha bosqichlar o‘zaro uzviy bog‘langan.
Albatta, har qanday yirik dasturning samarasi uning amaliy ijrosi bilan baholanadi. Biroq bu tashabbuslarning ko‘lami va mazmunining o‘ziyoq mamlakatda inson kapitaliga investitsiya kiritish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanayotganini ko‘rsatadi. Bu esa oliy va kasb-hunar ta’limi tizimi mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasida hal qiluvchi o‘rin egallayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bahodirjon Shermuhammadov,
Farg‘ona davlat universiteti rektori.
O‘zA