Beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida
Andijon shahridagi Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan maktab-internat yopiq manejida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida haftalik o‘tkazildi.
Andijon shahridagi Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan maktab-internat yopiq manejida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida haftalik o‘tkazildi.
Viloyat hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan haftalikda barcha tuman va shaharlar tomonidan besh kun davomida tashabbusning har bir yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar namoyish etildi. Bu boradagi ishlar taqdimotlari, tashkil etilgan ko‘rgazma va chiqishlar viloyat ishchi guruhi tomonidan baholab borildi.
Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, ya’ni tashabbusning beshinchi yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan tadbir opa-singillarimizning jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligini oshirishga qaratildi. Unda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning namunasi sifatida shaharlar va tumanlar hokimliklari, xotin-qizlar qo‘mitalari tashabbusi bilan yaratilgan ish o‘rinlari, tadbirkor ayollar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi.
Ko‘rgazma-savdoda 150 dan ortiq tadbirkor va hunarmand ayol ishtirok etib, ishlab chiqarayotgan, tayyor mahsulotlarini namoyish etdi.
– Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatimizda xotin-qizlarni iqtisodiy islohotlarga keng jalb etish, ularning bandligini ta’minlash, chekka, ishlab chiqarish u qadar rivojlanmagan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yangi ish o‘rinlari barpo etish, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, “Usta-shogird” an’anasini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzuraxon Yunusova. – Tijorat banklari, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan kredit mablag‘lari, qolaversa, amalga oshirilgan ko‘plab loyihalar doirasida xotin-qizlar uchun 30 ming 343 yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, pillachilik sohasida, ya’ni ipak qurti boqishni tashkil etish orqali 43 ming 606 xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 maydagi “Respublika hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Andijon mintaqaviy paxta terminali” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda xotin-qizlar qo‘mitalari tomonidan Bo‘z, Ulug‘nor, Marhamat, Shahrixon, Andijon tumanlarida yengil konstruksiyali tikuv-trikotaj yo‘nalishida yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Hozirga qadar Ulug‘nor, Bo‘z, Marhamat tumanlarida ana shunday yengil konstruksiyali tikuvchilik majmualari foydalanishga topshirildi. Natijada 1 mingga yaqin xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Birgina Xonobod shahrining o‘zida 20 ga yaqin trikotaj korxonasining ishga tushirilishi va boshqa loyihalarning amalga oshirilishi natijasida xotin-qizlar uchun 514 yangi ish o‘rni yaratildi.
Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, tadbirkor xotin-qizlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni zarur kredit mablag‘lari bilan ta’minlash ustidan jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi va rivojlantirmoqchi bo‘lgan 2 ming 646 ayolga tijorat banklari tomonidan 179 milliard 765 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi. Shuningdek, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 11 ming 175 ayolga 129 milliard 857 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Haftalik davomida o‘tkazilgan tadbirlarda turli ko‘ngilochar, badiiy dasturlar, sportchilar, yosh san’atkorlar, estrada yulduzlarining chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, beshinchi tashabbus doirasida “Libos – ma’naviyat ko‘zgusi” mavzusida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari hamda kasb-hunar kollejlarining yosh dizaynerlari tomonidan qizlar va ayollarga mo‘ljallangan zamonaviy liboslar taqdimoti barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Yakunda beshta muhim tashabbusning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha tuman va shaharlarda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, viloyat ishchi guruhi xulosasiga ko‘ra, Izboskan tumani g‘olib deb topildi. Marhamat tumani ikkinchi o‘ringa, Xonobod shahri esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Haftalikning g‘olib va sovrindorlari diplom hamda esdalik sovg‘alari, qolgan ishtirokchilar rag‘batlantiruvchi mukofotlar bilan taqdirlandi.
Tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘zga chiqdi.