Beshariqda savdo va logistika markazi tashkil etiladi
2022 yilda Farg‘ona viloyati iqtisodiyotiga 1 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar va xorijiy kredit liniyalari mablag‘larini jalb etish hamda eksport salohiyatini oshirish rejalashtirilgan. Ayni jarayonda har bir hududning mavjud imkoniyatlari va sharoitdan kelib chiqib, istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilyapti.
Beshariq tumanining qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan “Andarxon” bojxona chegara posti yonida sanoat, savdo, xizmat ko‘rsatish va logistika majmuasi barpo etishga kirishildi. Shu maqsadda Beshariq tuman hokimi qarori asosida mazkur hududda "Qo‘qon” erkin iqtisodiy savdo zonasiga qarashli savdo va logistika markazi tashkil etish uchun 4,4 gektar yer maydoni ajratildi.
– Hozirgi kunda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 dekabrdagi qaroriga ko‘ra “Andarxon” bojxona o‘tkazish punkti hududida savdo va logistika markazi qurilishini boshlash hamda markazga tadbirkorlarni jalb qilish bo‘yicha mutaxassislarimiz tomonidan aniq hisob-kitob ishlari olib borilmoqda, – deydi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi rahbari Farruh Rahmonov. – Bu viloyatda tadbirkorlikni zamonaviy mezonlar asosida rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, sanoat, hunarmandchilik, tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportini kengaytirish, xorijiy investitsiyalar jalb etishni rag‘batlantirishda o‘ziga xos “yashil yo‘lak” vazifasini bajaradi.
Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, bu yerda ko‘rgazmalar zali, savdo majmualari, zamonaviy ofislar, birinchi va ikkinchi kirish yo‘laklari, avtoturargoh, yong‘in xavfsizligi, tez tibbiy yordam binolari qad rostlaydi. Shuningdek, landshaft arxitekturasi asosida yashil xiyobonlar, gulzorlar, manzarali daraxtlar alleyalari barpo etiladi. Shu tariqa nafaqat tadbirkorlik, shu bilan birga ziyorat, gastronomik, agroturizm rivojlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi.
– 2022 yilda bojxona maskanida ham mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda, – deydi “Andarxon” bojxona o‘tkazish punkti boshlig‘i Zohidjon Yo‘ldoshev. – Har kuni 1000 nafarga yaqin yo‘lovchilar, yuzlab yengil va yuk mashinalarini manziliga kuzatib qo‘yamiz. Savdo va logistika markazi bunyod etilishi orqali ish ko‘lami bir necha barobar ortadi.
Qo‘shni Tojikiston Respublikasining Xo‘jand viloyatidan Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahriga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. O‘z navbatida, Qo‘qondan Xo‘jandga ham avtobus qatnaydi. Har ikki yo‘nalishda ham avtobuslar “Andarxon” bojxona o‘tkazish punkti orqali o‘tishi e’tiborga loyiq. Demak, Andarxonda savdo va logistika markazi tashkil etilishi ikki qardosh xalq o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA