Beshariqda Gollandiya lolalari yetishtirilmoqda
Farg‘ona viloyatida gulchilik oilalarning yaxshi daromad manbaiga aylanmoqda.
Beshariq tumanidagi o‘nlab xonadonlarda parvarishlanayotgan rang-barang gullar Farg‘ona vodiysi, poytaxtimiz va mamlakatimizning boshqa hududlariga yetkazib berilayotir.
Beshariq tumani markazidagi «Gulilola dunyosi» oilaviy korxonasida 25 turda Gollandiya lolalari yetishtirilyapti.
O‘tgan yili Gollandiyadan lola ildizlarini keltirgan bu gulchilar oilasi 60 sotixli issiqxonada ularni parvarishlay boshladi. E’tibor, mehr va parvarishdan barq urgan anvoyi lolalar mamlakatimiz shaharlari, qo‘shni respublikalar, Janubiy Koreyaga eksport qilinmoqda.
Oilaviy korxonada 12 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan, mavsumiy yumushlarga yana 10 nafardan ziyod mahalladoshlar jalb etiladi. Boisi tomorqadan bir yilda to‘rt marotaba hosil oladigan oila gulchilikdan tashqari turli ko‘katlar yetishtirish orqali ham qo‘shimcha daromad qiladi.
— Har bir lola ildizi 3-3,5 ming so‘mdan olinib, uch oy parvarish qilinadi va bitta lola guli ichki bozorda o‘rtacha 15-20 ming so‘mdan sotiladi, eksportga chiqariladigani yanada qimmat, — deydi Gulira’no Rahimjonova. — Shu tariqa oilamiz gulchilikdan yiliga 60 million so‘m sof foyda oladi.
M. Sulaymonov, O‘zA