“Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumi boshlandi
Yoshlar ishlari agentligi Buxoro viloyati boshqarmasida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumini o‘tkazish yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimligi mutasaddilari, yoshlar tashkilotlari mas’ullari, hamkor tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Davlat rahbari tomonidan 30 iyun - “Yoshlar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda “Besh tashabbus olimpiadasi”ni har yili 2 mavsumda tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan edi. Shundan kelib chiqib, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ikkinchi mavsumiga qabul jarayonlari joriy yilning 10 avgustidan boshlandi. Iyul oyidan boshlab olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida olimpiadaning ikkinchi mavsumida ishtirok etish istagini bildirgan 206 ming 821 nafar yosh maxsus bot orqali ro‘yxatdan o‘tdi. Ro‘yxatga olish jarayonlari bugun, 9 sentyabr kuni yakunlanadi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” davomida madaniyat va san’atni targ‘ib qilishga qaratilgan “Yoshlar raqs festivali”, “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” respublika tanlovlari, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirishga qaratilgan voleybol, yengil atletika, stritbol, shaxmat, shashka, badminton, stol tennisi, strit vorkaut, milliy kurash bo‘yicha musobaqalari, kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan “Kibersport” musobaqasi, yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “Zakovat” intellektual o‘yini, ma’naviyat va kitobxonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan an’anaviy “Yosh kitobxon”, “Quvnoqlar va zukkolar” kabi tanlovlar mahalladan boshlab tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Anjuman davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA