“Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarni birlashtirmoqda
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida o‘tkazilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2023 yilgi ilk mavsumi doirasidagi turli sport musobaqalari va madaniy-ma’rifiy tanlovlarda tuman yoshlari faol ishtirok etdilar.
30 iyun-Yoshlar kuni arafasida mazkur sport musobaqalari va tanlovlarning tuman bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda so‘z olgan tuman hokimi Sherzodjon Yuldashev barcha yoshlar va ularga hamrohlik qilgan ota-onalari hamda murabbiylarini qo‘shaloq bayram-muborak Qurbon hayiti hamda Yoshlar kuni bilan samimiy qutladi. “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarni birlashtirishda muhim omil ekanligini yana bir bor ta’kidlagan tuman rahbari mazkur tadbirlar yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib etish, madaniyat va san’atni rivojlantirish, axborot texnologiyalar bo‘yicha ko‘nikmalarini namoyish etish hamda sportni ommalashtirishga qaratilganligini alohida qayd etdi.


Joriy yilning birinchi mavsumida ham 5 ta yosh toifasi bo‘yicha tashkillangan sport musobaqalari, tanlov va festivallarning mahalla, sektor va tuman bosqichlariga 70 ming nafardan ziyod tuman yoshlari qamrab olindi.
Mavsum davomida yosh havaskor sportchilar sportning shashka, shaxmat, yengil atletika, stol tennisi, vorkaut, stritbol, futbol, gimnastrada kabi turlari, paralimpiya o‘yinlari va “Yoshlar ovozi”, “Yoshlar raqs festivali”, “Yoshlar kubogi” kibersport musobaqalarida qizg‘in bahslar olib borishdi.


Besh bosqichli olimpiadaning viloyat bosqichi musobaqalarida ham o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazgan iqtidorli va zukko yoshlar salmoqli natijalarni qo‘lga kiritishdi.
Shodlik, Yakkatut, Qayquobod, Ziyo Nursux, Do‘stlik, Dehqonobod, Davlatbotir, Pastkiqo‘riq, Turkiston va Naymansoy kabi mahallalar vakillari esa sportning shashka, stol tennisi, stritbol va yengil atletika turlari hamda milliy raqs va paralimpiya sport turlari bo‘yicha Respublika bosqichi musobaqalarida faol ishtirok etdilar.

Tadbirda sportning ana shu 9 ta turi bo‘yicha musobaqalar hamda turli tanlovlarning tuman bosqichida g‘olib va sovrindorlikni qo‘lga kiritgan 320 nafardan ziyod yoshlar munosib e’tirof etildi.
M.Sulaymonov, O‘zA