«Besh tashabbus olimpiadasi» xalqaro maydonda e’tirof etildi
Xalqaro sport maktabi federatsiyasi mutasaddilari mamlakatimizda joriy etilgan «Besh tashabbus olimpiadasi» tizimida o‘tkazilayotgan musobaqalarning tartib-tamoyiliga qiziqish bildirdi.
Shu kunlarda Fransiya poytaxti Parijda o‘tayotgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari dorisida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov va Xalqaro sport maktabi federatsiyasi prezidenti (ISF) Loran Petrinka o‘rtasidagi uchrashuvda alohida to‘xtalib o‘tildi.
Muloqot chog‘ida A.Ikromov mamlakatimizda o‘tkazilayotgan «Besh tashabbus olimpiadasi»ning har bir bosqichdagi musobaqalari, shuningdek, sport maktablari o‘rtasida tashkil etilayotgan chempionat va birinchiliklar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarining tartibi, ommaviy musobaqalarni o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami va yo‘nalishga taalluqli boshqa masalalar xususida so‘zlab berdi.
Xalqaro sport maktabi federatsiyasi prezidenti (ISF) Loran Petrinka o‘z navbatida «Besh tashabbus olimpiadasi» olimpizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etganligi bilan jozibali ekanligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, soha bo‘yicha O‘zbekiston va Xalqaro sport maktabi federatsiyasi bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, sport maktablari bo‘yicha tajriba almashish, musobaqalar tashkil etish borasida kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumot uchun, Xalqaro sport maktabi federatsiyasi 1972 yilda tashkil etilgan. Federatsiya 200 000 dan ortiq maktablar bilan hamkorlik qiladi. Federatsiya tomonidan 2023 yil avgust oyida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 2000 nafarga yaqin sportchi ishtirokida gimnaziya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Keyingi gimnaziya o‘yinlari 2024 yilning oktyabr oyida Bahrayn poytaxti Manama shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA