Besh o‘g‘lini ham harbiy qilgan faxriy ustozlar taqdirlandi
Samarqand viloyati Payariq tumani O‘ymovut mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Obloqul bobo Ernazarovni taniganlar “Harbiylarning otasi” deya e’zozlashadi.
Obloqul bobo 40 yil, turmush o‘rtog‘i Klara momo 30 yil ta’lim tizimida mehnat qilish barobarida besh o‘g‘il va uch qizni vatanparvar, komil insonlar etib tarbiyalashdi. Shuning uchunmi, o‘g‘il farzandlar ulg‘ayib, birin-ketin yurt mudofaasiga otlanishdi. Bugun Obloqul boboning besh alp o‘g‘loni Milliy gvardiya tizimida yurtimiz tinchligi, osoyishtaligini saqlash yo‘lida munosib xizmat qilib kelmoqda.
[gallery-13814]
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiy kuni munosabati bilan Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi, IIV, DXX, shuningdek, «Vatan» xayriya jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirga ta’lim-tarbiya sohasi faxriylari bo‘lgan Obloqul Ernazarov va Klara Ernazarova taklif etildi. Tadbirda «Vatan» xayriya jamoat fondi bo‘lim boshlig‘i Botir Sodiqov faxriy ustozlarga fondning esdalik ko‘krak nishonlarini topshirdi.
Shuningdek, tadbirda 25 yildan buyon ona Vatan himoyasiga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Umidjon Karimov ham “Vatan” fondining esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA