Besh nafar bokschimiz finalda, bu borada Qozogʻistonni ortda qoldirdik
Bundan biroz muqaddam Tailandning Bangkok shahrida davom etayotgan boks boʻyicha Osiyo chempionatining yarim final janglari yakunlandi.
Bundan biroz muqaddam Tailandning Bangkok shahrida davom etayotgan boks boʻyicha Osiyo chempionatining yarim final janglari yakunlandi.
Kunning ikkinchi yarmiga belgilangan janglarni 60 kg.gacha boʻlgan vazn toifasidagi bokschimiz Shukurjon Rahimov boshlab berdi. U moʻgʻulistonlik Tsendbaatar Yerdenebatga qarshi ringga koʻtarildi va uch raundlik jang yakunida hakamlar gʻalabani Moʻgʻuliston terma jamoasi aʼzosiga berib yubordi. Natijada hamyurtimiz Osiyo chempionatini bronza medal bilan yakunlaydigan boʻldi.
Navbatdagi 69 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida ringga chiqqan hamyurtimiz Bobo-Usmon Baturov final yoʻllanmasi uchun hindistonlik Ashish bilan kuch sinashdi. Uch raund kechgan jangda raqibidan sezilarli ustunlikka erishgan Bobo-Usmon finalga yoʻl oldi. Shu tariqa u final yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan toʻrtinchi oʻzbekistonlik bokschiga aylandi.

Erkaklar oʻrtasidagi eng ogʻir, yaʼni 91 kg.dan yuqori boʻlgan vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Bahodir Jalolov yarim finalda aytarli qiyinchilikka duch kelmadi va suriyalik raqibi Muhammad Mulayesni katta ustunlik bilan magʻlub etdi.
Afsuski yigitlarimizning zafarli odimini qizlarimiz davom ettirolmadi. Vazni 57 kg.gacha boʻlgan bokschilar oʻrtasida oʻzbekistonlik Yodgoroy Mirzayeva yarim finalda Xitoy Taypeyi vakilasi Yu-Ting Linga qarshi ringga koʻtarildi. Afsuski, samarqandlik qiz barcha raundlarda tashabbusga erishgan boʻlsa-da yakunda gʻalaba Linga berib yuborildi. Demak, u zarbalarni yoʻllashda aniqroq harakat qilgan.
Yarim finaldagi soʻnggi bokschimiz, qizlar oʻrtasida 64 kg.gacha boʻlgan vazn toifasida ringga koʻtarilgan Maftuna Meliyeva ham yarim finalda toʻxtatildi. U hindistonlik Kaur Baatga ochkolar hisobida yutqazib qoʻydi. Natijada Maftuna ham Osiyo chempionatini bronza medali bilan yakunladi.
Shunisi eʼtiborliki, ertaga boʻladigan final janglarida oʻzbekistonlik bokschilar asosiy raqibi boʻlmish Qozogʻiston terma jamoasi vakillariga qaraganda bir nafarga koʻp boʻladi. Finalda qozogʻistonlik 4 nafar bokschi ringga koʻtarilsa, Oʻzbekistonda bu boradagi koʻrsatkich 5tani tashkil qilmoqda.
Finalga yoʻl olgan bokschilarimiz:
-49 kg: Nodirjon Mirzahmedov,
-56 kg: Mirazizbek Mirzahalilov,
-69 kg: Bobousmon Baturov,
-91 kg: Sanjar Tursunov,
+91 kg: Bahodir Jalolov.