Besh muhim tashabbus g‘oliblari taqdirlandi
Andijon shahrida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Besh muhim tashabbus” doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yoshlar taqdirlandi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus ijrosi doirasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, turli yo‘nalishlar bo‘yicha iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalari o‘tkazilganligi yoshlar bilan ishlashni yanada yuqori bosqichga ko‘tardi.
– O‘tkazilgan tanlov, festival va sport musobaqalarida minglab o‘quvchilarimiz faol ishtirok etdi, – deydi Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Gulhayo Omonova. – Ana shu tadbirlar, shubhasiz, o‘quvchilarimizning yanada faol bo‘lishiga, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishiga yordam berdi.
[gallery-9933]
“Besh tashabbus – Andijonda” shiori ostida o‘tkazilgan taqdirlash marosimida “Beshta tashabbus – san’at bilan”, “Besh tashabbus – sport bilan” hamda “Besh tashabbus axborot-texnologiyalari bilan” yo‘nalishlaridagi tanlovlar g‘olibi bo‘lgan andijonlik o‘quvchi va o‘qituvchilarga Xalq ta’limi vazirligining 500 million so‘mlik sport jihozlari, robototexnik konstruktorlar va musiqiy asboblar jamlanmalari topshirildi.
– Men “Beshta tashabbus – san’at bilan” yo‘nalishida o‘tkazilgan festivalda ishtirok etib, milliy cholg‘ular ijrochiligi bo‘yicha g‘oliblar qatoridan o‘rin oldim, – deydi Andijon tumanidagi 47- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muxlisa Yorqinboyeva. – G‘olib bo‘lganligim uchun maktabimizga musiqa asboblari jamlanmasi berilganligi nafaqat meni, balki barcha maktabdoshlarimni behad quvontirdi. Bunday e’tibor va rag‘batga munosib bo‘lishga, kelajakda yurtimiz ravnaqiga xizmat qiladigan, o‘zim tanlagan sohaning malakali mutaxassisi bo‘lib yetishishga harakat qilaman.
Tadbir doirasida o‘quvchilarning musavvirlik, qo‘l san’ati, axborot-texnologiyalariga oid ijodiy ishlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA