Beruniy tumanida ikkita yangi zavod qurilmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hududida ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ikkita ob’ekt qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Tumandagi Abay ovuli fuqarolar yig‘ini hududida “Lider Gips” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan gipsokarton ishlab chiqarish zavodi qurilishi boshlandi. Ob’ektning loyiha qiymati 22 milliard 704 million so‘mni tashkil etib, 45 ta ishchi o‘rni yaratiladi.

Mazkur hududda yana bir iqtisodiy ahamiyatga ega zavod quriladi. Tuman faollari va nuroniylar ishtirokida “Beruniy bug’doy cluster” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli un zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Ob’ektni yil oxirigacha ishga tushirish belgilangan. Qiymati 33,5 milliard so‘mni tashkil qilgan yirik loyiha ishga tushirilsa, 200 nafar aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov ishtirok etdi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA