Berta Davidovaning yorqin xotirasini yod etib...
Poytaxtimizda O‘zbekiston xalq artisti Berta Davidova yubileyining 100 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbek milliy maqom san’ati markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Berta Davidovani ko‘pchilik maqom ijrochilari o‘ziga ustoz deb biladi. Uning betakror ovozi hanuz milliy musiqa ixlosmandlari tomonidan katta ishtiyoq bilan tinglanadi. Yosh ijrochilar esa uning mahorat maktabida bilim oladi.

Berta Zaurovna Marg‘ilonda, buxorolik yahudiylar oilasida dunyoga kelgan. Toshkent tibbiyot bilim yurtini tamomlagach, 3-sonli tug‘ruqxona va harbiy gospitalda hamshira bo‘lib ishlagan. 1943 yildan O‘zbekiston SSR Davlat radioqo‘mitasi xor ansambli yakkaxoni, 1960 yildan esa O‘zbekiston Davlat radio maqomchilar ansamblining yetakchi yakkaxoni sifatida faoliyat yuritgan. Musiqachilarning fikricha, Berta Davidovaning so‘ngi qirq yildan ziyod vaqt davomidagi mehnat faoliyati va ijodiy yo‘li aynan shu jamoa bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan.

U o‘zining yuksak ijro mahorati bilan tinglovchilar orasida shuhrat qozonib, mamlakatimizning taniqli san’atkorlari qatoridan munosib o‘rin egallagan.
Ko‘pchilik shogirdlarining xotirlashicha, milliy qadriyatimizning bebaho qo‘shiqlari bo‘lmish “Shoshmaqom”, shuningdek, “Munojot”, “Fig‘on”, “Saraxbori oromijon”, “Samarqand ushshog‘i”, “Dugoh”, “Bayot-1” kabi mumtoz qo‘shiqlar uning ijrosida xalqimizning nodir musiqa xazinasiga aylangan.
Berta Davidova butun umri davomida nafaqat yuqori professional ijrochi, balki milliy san’atning fidoyi targ‘ibotchisi ham bo‘lgan. Yirik madaniy ommaviy tadbirlar va konsertlarda qatnashish bilan bir qatorda, u chekka shahar va qishloqlarda, mehnat jamoalarida tez-tez chiqish qilib, xalq mehri va hurmatiga sazovor bo‘lgan. Shogirdlari ta’kidlaganidek, ustoz Berta opa o‘nlab yosh iste’dod sohibalari bilan kasb mahorati sirlarini o‘rtoqlashgan, uzoq yillar davomida respublika radiosi huzuridagi maqomchilar ansambli va Toshkent davlat konservatoriyasining an’anaviy ijro mahorati kafedrasida samarali mehnat qilgan.
Tadbirda Berta Davidovaning ijodi, hayot yo‘li, shuningdek, musiqiy merosi haqida so‘z yuritildi. U yashagan uyda xotira lavhasi o‘rnatildi.
N.Usmonova, O‘zA
UB.