Benjamin RAYT : Jahon musiqasining sara namunalari bilan tanishish, fikr almashish imkoniyati yaratilganidan baxtiyorman
Ayni kunlarda dunyo sanʼat ahli, Sharq musiqasi ixlosmandlarining eʼtibori Samarqandga qaratilgan.
Ayni kunlarda dunyo sanʼat ahli, Sharq musiqasi ixlosmandlarining eʼtibori Samarqandga qaratilgan. Sanoqli kunlardan soʻng azim shaharda “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali boshlanadi. Shu munosabat bilan mamlakatimizga xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari birin-ketin kelmoqda.
OʻzA muxbiri AQSHning “Henhouse prowlers” musiqa jamoasi aʼzosi Benjamin RAYT bilan suhbatda boʻlib, uning festival haqidagi qarashlari bilan qiziqdi.
– Bundan yigirma yil oldin Nyu-Yorkdan Chikago shtatiga koʻchib oʻtganman. Oʻshanda 22 yoshda edim va hayotimni bir umrga musiqa bilan bogʻlash haqida oʻylab ham koʻrmagandim. Kunlarning birida folklor musiqa maktabi yonidan oʻtib borarkanman, deraza ortidagi banjo musiqa asbobiga koʻzim tushdi. Shu topda oʻzimda soʻz bilan tasvirlab berish qiyin boʻlgan hisni tuydim. Men banjoga juda qiziqib qoldim. Shundan soʻng banjo boʻyicha mashgʻulotlarga qatnasha boshladim. Banjo cholgʻu asbobi Amerika anʼanaviy musiqasi ijrosida keng qoʻllaniladi. Shu tariqa musiqa olamiga kirib keldim.
Chikagoni musiqachilar shahri deyish mumkin. U yerdagi musiqa maktablari, klublar musiqa sanʼatiga alohida mehr qoʻygan isteʼdod egalari bilan doim gavjum. Oʻzbekistonda boʻlgani kabi Amerikada ham anʼanaviy musiqa sanʼatiga alohida eʼtibor bilan qarashadi.
Jamoamiz 2005-yilda tashkil topgan, faoliyatimiz blugrass Amerika anʼanaviy musiqasidan kuylar ijro etish bilan boshlangan. Blugrass, asosan banjo, gitara, mandolina, skripka va kontrabas cholgʻu asboblari uygʻunligida kuylanadi.
Sharq va Gʻarb olami turli makon, turmush tarzi va hayotiy qarashlarga ega. “Henhouse prowlers” musiqa jamoamiz bilan dunyo boʻylab tashkil qilingan safarlarimiz chogʻida koʻrgan va oʻrganganlarim asosida aytishim mumkinki, musiqa haqida gapirganda bu fikrlar tamomila oʻz mohiyatini yoʻqotadi. Zero, dunyoda musiqani sevmaydigan, uning vositasida hayotni aks ettirmaydigan xalq yoʻq. Qalblarni allalovchi mayin va yoqimli kuyga shaydo insonlar yer yuzining barcha mintaqasida topiladi.
Rossiya va Kanadada milliy musiqa sanʼatini asrab-avaylashda oʻziga xos yondashuvning borligiga guvoh boʻlganman. Masalan, Kanadada milliy musiqa sanʼatini keng targʻib qilish maqsadida radio orqali uzatiladigan qoʻshiqlarning 70 foizi milliy turdagi qoʻshiqlar boʻlishi kabi talablar mavjud. Oʻzbekistonda esa musiqa sanʼatini targʻib qilishga davlat siyosati darajasida qaralar ekan.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish imkoniyati paydo boʻlganidan xabar topgach, Sharq, xususan, mamlakatingiz musiqa sanʼati, ijro uslubi va yoʻnalishlarini yanada koʻproq oʻrgana boshladik. Sharq xalqlarining nay, gʻijjak, dutor, tor, rubob cholgʻu kabi musiqa asboblari jahon musiqasida alohida oʻrin tutuvchi skripka, saksafon, pianino, organ kabi inson ruhiyatiga sokinlik beruvchi taʼsir kuchiga ega ekanini bildik. Demak, bugun biz jaholatga qarshi ana shunday kuchli vosita yordamida birgalashib kurashishimiz mumkin. “Sharq taronalari” esa ana shu yoʻldagi muhim intilishlardan biri.
Sanoqli kunlarda soʻng Samarqandda dunyo musiqa ixlosmandlari jam boʻlishadi. Men ham bu kunni intiqlik bilan kutyapman. Ayni kunlarda poytaxt Toshkent boʻylab sayr qilib, xalqingizning boy tarixi, madaniyati bilan tanishish baxtiga muyassar boʻlib turibman. Chorsu bozori menda katta taassurot qoldirdi. U Sharq anʼanaviy bozorlaridan biri, madaniyat, milliylik, urf-odat va tarix uygʻunlashgan maskan.
Dunyo eʼtirofidagi xalqaro festivalda dunyoning koʻplab mamlakatlaridan kelgan olimlar, musiqashunoslar ishtirok etadi. Turli tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etiladi. Jahon musiqasining sara namunalari bilan tanishish, fikr almashish imkoniyati yaratilganidan behad xursandmiz.