Belgrad global konferensiyasida O‘zbekistondagi gender tenglik sohasida erishilgan yutuqlar e’tirof etildi
Serbiyaning Belgrad shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) parlamentlarining ayol a’zolari global konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. “Tenglikni targ‘ib qilish: gender stereotiplar va salbiy ijtimoiy normalarni yengib o‘tish” mavzusidagi anjumanda 65 mamlakatdan 427 nafar delegat, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Global konferensiyaning ochilish marosimida PI Bosh kotibi M.Chungong, PI prezidenti T.Ekson, Serbiya Milliy Assambleyasi Spikeri A.Brnabich, Serbiya hukumati vakillarining nutqlari tinglandi.

Konferensiyada gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish va siyosiy sohada teng imkoniyatlarni ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan ijtimoiy hamda institutsional omillarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
PI ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil boshi holatida ayollar milliy parlamentlardagi o‘rinlarning o‘rtacha 27,5 foizini egallamoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.

Yalpi majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda Prezident boshchiligida gender tenglikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini qayd etdi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar takdimot qilindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda, birinchidan, teng huquqlar va xotin-qizlarni himoya qilishga qaratilgan qonunchilik bazasi takomillashtirildi, barcha normativ-huquqiy hujjatlar majburiy gender ekspertizadan o‘tkazilmoqda. Ikkinchidan, qizlarning STEAM, muhandislik va yuqori texnologiyalar sohalariga jalb etilishi qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Bundan tashqari, ayol rahbarlar zaxirasini shakllantirish va ularni davlat boshqaruviga tayyorlash dasturlari amalga oshirilmoqda.

Natijada parlamentda ayollar ulushi 38 foizga, davlat boshqaruvida 35 foizga va tadbirkorlik sohasida 37 foizga yetdi. O‘zbekiston PI reytingida 92 pog‘onaga ko‘tarilib, dunyoda 36-o‘rinni egalladi.
Senat Raisi gender stereotiplarini bartaraf etish barqaror rivojlanish va samarali davlat boshqaruvining muhim sharti ekanini ta’kidlab, parlamentlar o‘rtasida tajriba almashish va samarali qonunchilik mexanizmlarini keng joriy etish muhimligini qayd etdi.
Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan gender tenglik sohasidagi islohotlar, xususan, ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash davlat qo‘llovi asosida bo‘layotganini ijobiy baholadi. Mazkur tajribani o‘rganish va xalqaro amaliyotda qo‘llash muhimligi ta’kidlandi.
Global konferensiyada qator davlatlar parlamentlar vakillari so‘z olib, gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi, davlat boshqaruvidagi o‘rni haqidagi o‘z yutuqlari va muammolarni qanday hal etayotgani bilan bog‘liq tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Ishtirokchilar bu jarayonga tegishli davlat organlari, ayniqsa, hukumatlarni jalb qilish muhimligini ta’kidladi. Gender stereotiplar va salbiy ijtimoiy normalarni yengib o‘tishda parlamentlar birdamligini kuchaytirishga kelishib oldi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA
Belgrad, Serbiya Respublikasi