Belgiya O‘zbekistonda elchixona ochadi
Belgiya O‘zbekistonda elchixona ochish orqali Markaziy Osiyodagi diplomatik aloqalarni kengaytirish niyatini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, Bryussel tashqi siyosiy vakolatxonalari tarmog‘ini qayta ko‘rib chiqish doirasida Toshkentda yangi elchixona ochishni rejalashtirmoqda. Vazir aytishicha, Belgiya 20 ga yaqin davlat bilan diplomatik missiya faoliyatini kuchaytiradi. Shuningdek, hozir amaldagi 8 vakolatxona yopiladi, 5 yangi elchixona ochiladi.
Bayonotda Toshkent elchixonasi ochilishi mintaqaning iqtisodiy o‘sish salohiyati, Transkaspiy yo‘lagi bo‘ylab yangi transport yo‘nalishlari uchun strategik ahamiyatga egaligi tan olinishi bilan bog‘liqligi ta’kidlangan.
– Markaziy Osiyo investitsiya va uzoq muddatli rivojlanish nuqtai nazaridan muhim hudud, – dedi Prevo. – O‘zbekistonda elchixona ochilishi Belgiyaga mintaqaviy iqtisodiy va siyosiy jarayonda faol ishtirok etish imkonini beradi.
Eksperlar yangi diplomatik vakolatxona ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo, siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishiga ham urg‘u bergan.
D.Hakimov, O‘zA