Belgiya Bosh vaziri iste’foga chiqadi
Belgiyaning “Ochiq flamand liberallari va demokratlari” (Open VLD) partiyasi milliy parlament va Yevropa parlamenti saylovlarida jiddiy mag‘lubiyatga uchradi. Shu sabab, partiya yetakchisi, mamlakat Bosh vaziri Aleksandr De Kroo iste’fo berishini ma’lum qildi.
De Kroo salbiy natija uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda, liberallar tez orada hukumatga qaytishiga ishonch bildirdi.
Mutaxassislar yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha muzokara uzoq davom etishini taxmin qilishyapti. 2019 yilgi saylovdan so‘ng hukmron koalitsiya qariyb 500 kunda tuzilgan edi.
Belgiyada federal parlamentga saylov golland tilida so‘zlashuvchilar partiyalari tomonidan Flandriyada, fransuz tilida so‘zlashuvchilar saylanadigan Valloniyada alohida-alohida o‘tkaziladi.
Flandriyadagi byulletenlarning 90 foizi hisoblangandan keyin e’lon qilingan natijaga ko‘ra, Antverpen meri Bart De Veverning mo‘’tadil o‘ng qanot “Yangi Flamand alyansi” (N-VA) partiyasi eng ko‘p – 17 foiz ovoz olgan.