Belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi
“Navoiyuran” davlat korxonasida 2024 yil birinchi yarim yilligida ishlab chiqarish faoliyati yakunlari hamda 2024 yil uchun belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab korxona Bosh direktori Jamol Fayzullayev birinchi yarim yillikda ishlab chiqarish va xo‘jalik faoliyati yakunlari to‘g‘risida axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, uran ishlab chiqarish rejasi 110, geologiya qidiruv ishlar122, mahsuldor eritmalarni qayta ishlash hajmi 122, uran qazib olish 111 foizga bajarilgan. Natijada eksport hajmi ko‘rsatkichlari 183, o‘sish sur’ati esa 167 foizga bajarilgan. Shuningdek, korxonada o‘tgan davr mobaynida investitsiya dasturi loyihalari doirasida 48,5 million dollar kapital qo‘yilma o‘zlashtirilib, 48 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Mahalliylashtirish dasturidagi 16 ta loyiha doirasida 32,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Joriy yil ikkinchi yarim yilligida 25 ta ob’ektda 906 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlarini bajarish, geologiya-qidiruv ishlari natijasida uran zaxiralarini 8025 tonna va uranning bashorat resurslarini 10 ming tonnaga o‘stirish belgilangan. Bundan tashqari, Shimoliy Bukinoy, Aktau, Aulbek, Nurkon, Moybuloq konlari bo‘yicha yakuniy geologik hisobotlar tuzilib, Davlat zaxiralari komissiyasiga taqdim etish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda 23 ta burg‘ilash uskunasini olib kelish, dizel elektr stansiyalari va boshqa zarur tovar moddiy boyliklarni xarid qilishni tezlashtirish, uran ishlab chiqarish zavodidagi pechni qayta rekonstruksiya qilish bo‘yicha zarur bo‘ladigan ehtiyot va butlovchi qismlarni olib kelish masalalari muhokama qilindi.

Xitoyning CNUC kompaniyasi bilan imzolangan Strategik kelishuvga muvofiq qabul qilingan “Yo‘l xaritalari” ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, xalqaro kompaniyalar bilan geologik qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish, “Ma’danli”, “Jantuar” va “Koscheka” konlarining 3D modellarini yaratish, ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatib borish bo‘yicha raqamli texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish choralarini ko‘rish vazifalariga alohida e’tibor qaratildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri