Belarus va Oʻzbekiston yozuvchilarining onlayn muloqoti
Oʻzbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmalari vakillari ikki mamlakat oʻrtasidagi adabiy hamkorlik, bu boradagi muammolar va istiqboldagi rejalar haqida fikr almashdi.
Oʻzbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmalari vakillari ikki mamlakat oʻrtasidagi adabiy hamkorlik, bu boradagi muammolar va istiqboldagi rejalar haqida fikr almashdi.
Zoom platformasida onlayn tarzda boʻlib oʻtgan davra suhbatida Minskdan Belarus Yozuvchilar uyushmasi boshqaruv kengashi aʼzosi, “Zvyazda” nashriyoti direktori Ales Karlyukevich, “Literatura i mastastva” gazetasi bosh muharriri Aleksey Charota, “Nyoman” jurnali bosh muharriri Yuliya Aleychenko, Yakub Kolas nomidagi Davlat adabiy memorial muzeyi direktori Aleksandr Xramoy, Oʻzbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi elchixonasi siyosiy maslahatchisi Doniyor Obidov, Toshkentdan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima boʻlimi boshligʻi Rustam Musurmon, yozuvchi, shoir va dramaturg Qoʻchqor Norqobil, yozuvchi va tarjimon Risolat Haydarova, shoir Aziz Said, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining masʼul xodimlari Rahmatulla Nazarov hamda Fatxulla Abdurahmonov va boshqalar ishtirok etishdi.
Mutaxassislar Belarus – Oʻzbekistonning adabiy munosabatlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilgan ishlar, tashabbuslar haqida gapirishdi. Virtual davra suhbati asnosida ishtirokchilar Alisher Navoiy asarlarini belarus tilida nashr etish, “Mladoss” jurnalining zamonaviy oʻzbek sheʼriyatiga bagʻishlangan maxsus sonini nashrga tayyorlash, Qoʻchqor Norqobilning Ikkinchi jahon urushining ilk kunlariga bagʻishlangan “Urushning birinchi kuni” kitobini oʻzbek, rus va belarus tillarida chop etishga kelishib oldilar. Suhbatda, shuningdek, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining zamonaviy belarus adabiyotini oʻzbek tiliga tarjima qilish, xususan, belarus yozuvchilari Ales Badak, Larisa Rublevskaya, Oleg Jdan hikoyalari, belarus bolalar adabiyoti namunalarini oʻzbek tiliga oʻgirish boʻyicha amalga oshirayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Davra suhbati ishtirokchilari ikki davlat – Belaru va Oʻzbekiston rahbarlarining 2018 va 2019-yillardagi uchrashuvlari Belarus-Oʻzbekiston adabiy aloqalarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etganini taʼkidlashdi.