Bekor bo‘lgan koinot loyihalari
Ma’lumki, Ukraina atrofida yuzaga kelgan vaziyat Rossiya bilan Yevropa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.
Rossiya nisbatan qo‘llanilayotgan sanksiyalar natijasida G‘arbning ko‘plab mashhur brendlari Rossiyada faoliyatini to‘xtatmoqda. Hamkorlik aloqalarining uzilishi nafaqat iqtisodiy sohada balki ilm-fan va innovatsiya, yuqori texnologiyalar tarmog‘iga, balki bir necha yuz millionga baholanayotgan koinot bilan bog‘liq loyihalarning ham to‘xtatilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, Rossiya olimlari bilan birga amalga oshirilayotgan Icarus loyihasini olaylik.
Icarus loyihasi qushlarning mavsumiy ko‘chishini kuzatish bo‘yicha ilk ilmiy dastur hisoblanadi. Ushbu loyiha bo‘yicha ayrim ushlangan qushlar yo‘ldoshli datchiklar bilan ta’minlanadi, natijada ular bo‘lib turgan joyi haqida ma’lumotlarni Xalqaro koinot stansiyasiga (XKS) uzatib turadi.
Koinot stansisiga uchta kuchli antenna o‘rnatilgan, fazogirlar ushbu texnikalarni har doim nazorat qilib, yerdagi tadqiqotchilar bilan aloqani uzluksiz ushlab turadi. Endi rossiyalik olimlar ushbu tizimni o‘chirib qo‘yishi mumkin. Natijada ularning xorijlik hamksblari arzon va unchalik qimmat bo‘lmagan tizimdan foydalana olmaydi. Xolbuki, ushbu tizim orqali xojiy olimlar sayyoramizning turli hududida iqlim o‘zgarishlarini oldindan aytib berish imkoniyatiga ega bo‘lardi.
Yana bir qo‘shma loyiha «EkzoMars» 2022, deb ataladi.
YeKA bilan “Roskosmos” ning Qizil sayyorada astrobiologiya bo‘yicha qo‘shma missiyasi ham birinchilardan bo‘lib siyosiy intrigalar qurboni bo‘ldi. 17 mart kuni YeKA qo‘shma missiya to‘xtatilganini e’lon qildi. Endi yevropaliklarning Yer atmosferasidan tashqarichida arzon parvozlariga nuqta qo‘ydi hisob. Muammo shundaki, Mars roverlarini ishlab chiqarish kosmik dasturlari mazkur sohada hali unchalik muvaffaqiyatga erishmagan mamlakatlarda ham ishlab chiqarilmoqda, lekin, raketa tashuvchilarni ishlab chiqarish hamma davlatning ham qo‘lidan kelavermaydi.

Rossiya-Yevropa roveri Marsga yoki “Proton”da, yoki bo‘lmasa, “Angara”da olib chiqilishi kerak edi. «Angara» starti foydali yuk maketi ortilgan holatda 2021 yil dekabrda muvaffaqiyat bilan sinovdan o‘tkazilgan edi. Endi esa Yevropa koinot agentligi ancha qimmat turadigan «Arian-5», «Atlas-5» yoki Falcon-9 apparatlaridan foydalanishga majbur.
OneWeb Britaniya sun’iy yo‘ldosh kompaniyasi bilan Rossiyaning kosmik agentligi o‘rtasidagi munosabatlarning to‘xtatilishi ham ko‘p ming dollarlik loyihani yo‘qqa chiqardi.
Bundan buyon fazoga uchirilishi rejalashtirilgan yo‘ldoshli aloqaning bir qismi Baykonurda qolib ketadi. Britaniya olimlari Baykonur kosmodromini tark etgan, ularning qachon qaytishini hech kim ayta olmaydi. Roskosmosning matbuot xizmati rahbari Dmitriy Strugovetsning ma’lum qilishicha, endi oltita “Soyuz” raketa tashuvchi raketa Roskosmos dasturidan chiqarib tashlanadi.

OneWeb Rossiya bilan munosabatni uzganidan keyin apparatlarini uchirish uchun Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi xizmatidan foydalanadigan bo‘lmoqda. Hozirda orbitada OneWebning 428 ta yo‘ldoshi uchib yuribdi. SpaceX kompaniyasi qarshisida esa 2023 yilning oxirigacha barcha yo‘ldoshlarni uchirish vazifasi turibdi.
Rossiya bilan xorijiy kompaniyalar o‘rtasida olib borilayotgan hamkorliklardan yana biri, hatto strategik darajaga ko‘tarilgan edi. Bu Gviana koinot markazi bo‘lib, u ekvator chizig‘idan 500 kilometr masofada joylashgan. Gviana koinot markazi raketalarni uchirish uchun eng yaxshi joy hisoblanadi. Chunki Yerning aylanish tezligi kuchi tufayli raketa parvoziga ko‘p yoqilg‘i ketmaydi va foydali yuk tashish koeffitsiyenti ham bir necha barobar yuqori. Bu yerdan raketaga start berish Baykonur yoki Kanaveral kosmodromlariga qaraganda ancha arzonga tushar ekan.

Yana qanday loyihalar barbod bo‘lmoqda?
Kurudagi parvozning to‘xtatilishi Galileo (GPSning Yevropa analog) navigatsiya tizimini ishga tushirish rejasini allaqachon barbod qilgani ma’lum bo‘lgan, Euclid teleskopi ham endi hech qayoqqa uchmaydi. Ushbu teleskop qora materiyani qidirish uchun yaratilgan edi. Shuningdek, apparat EarthCARE global isishni kuzatib borishga ham mo‘ljallangandi.
Koinot sohasida aloqalarni uzishga qaratilgan qadamlarning yana biri Germaniyaning eROSITA teleskopini o‘chirish bo‘ldi. U «Spektr-RG orbital rentgen observatoriyasi bortiga joylashtirilgan bo‘lib, Rossiya texnologiyasi bo‘yicha qurilib orbitaga chiqarilgan edi.
Bundan tashqari, Rossiya Amerikaning Orbital ATK kompaniyasiga RD-181m raketa dvigatellarini yetkazib bermay qo‘ydi. Ushbu dvigatellar Antares raketalariga o‘rnatish uchun sotilardi. «Roskosmos» rahbari Dmitriy Rogozinning ta’kidlashicha, Rossiyaning dvigatellarni yetkazib bermasligi oqibatida AQSH 4 milliard dollar ziyon ko‘radi.

Xalqaro koinot markazi taqdiri ham noma’lumligicha qolmoqda. Rossiyaning moduli stansiyaning faoliyatini ta’minlab turibdi. Biroq markaz xarajatlarining katta qismini AQSH o‘z zimmasiga olgan.
«Voyajer» ga nima bo‘ldi?
Rossiya bilan AQSH birgalikda rejalashtirgan sayyoralararo sayohat qiluvchi «Venera-D» loyihasining ham to‘xtatilgani mutlaqo ravshan bo‘lib bormoqda. To‘g‘ri, avtomatik stansiyani ishga tushirish faqat 2029 yilga kelib amalga oshadi. Shunday bo‘lsada, AQSHning Rossiyaga qo‘llagan sanksiyasi oqibatida ushbu missiyaning ham istiqboli qorong‘ulik bag‘rida g‘oyib bo‘ladigan ko‘rinadi.
Endi eng kam o‘rganilgan sayyoraga ekspeditsiya tashkil qilish yagona imkoniyati mazkur ishga Xitoyni jalb qilish bo‘lmoqda. Loyiha 13 yil davomida faqat Rossiya tomonidan ishlab chiqildi, 2013- yilda ushbu yuumushga NASA Reaktiv Harakati Laboratoriyasi muhandislari hamda sohaning boshqa mutaxassislari bosh qo‘shishdi. Endi esa, ularning ishtirokiga nuqta qo‘yildi. Modul konstruksiyasini va sayyoraga chiqish chizmasini hoynahoy endi o‘zgartirish kerak bo‘ladi.
Xullas, AQSHning Rossiyaga qo‘llayotgan sanksiyalari koinot loyihalariga ham zarar yetkazmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, ushbu sohada hamkorlikni qayta yo‘lga qo‘yishning yagona imkoniyati, u ham bo‘lsa, koinotni siyosatdan holi hudud, deb e’lon qilishdir. Xalqaro kooperatsiyadan voz kechilishi barcha yetakchi mamlakatlar uchun ham destruktiv ta’sirga ega bo‘lmoqda. Binobarin, endi mazkur yo‘nalishda eng kuchli o‘yinchiga ham oson bo‘lmasligi tabiiy.
S.Rahimov, O‘zA