Bekalar hunarli bo‘lsa, ro‘zg‘orga baraka kiradi
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra, mahallalarda xotin-qizlarning bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlarini tashkil etish belgilangan edi. Markazlar uchun joy ajratish va bu joylarda tikuvchilik, qandolatchilik sexrlari tashkil etish, xotin-qizlarni kasbga o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, sport bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlar yaratish kabi vazifalar hokimliklar zimmasiga yuklangan edi.
Bu borada Samarqand viloyatidagi mahallalarda ham ishlar boshlangan. Bir qator mahallalarda markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, salomatligini mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda.

– Biz mazkur yangi tajriba asosida o‘tgan yil Kattaqishloq mahallasidagi birinchi sektor shtabi joylashgan binoda markaz tashkil etib, tuman bo‘yicha ishsiz, ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitishni yo‘lga qo‘ygan edik, – deydi Jomboy tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Hilola Rahimova. – Dastlab bu yerda opa-singillarimizga tikuvchilik, qandolat pishirish, sartaroshlik o‘rgatilgan bo‘lsa, hozirda bu kasb-hunarlar 6 taga yetdi. Shu tarzda o‘tgan yil 1400 nafardan ortiq xotin-qiz o‘zi qiziqqan va ishlab daromad topish mumkin bo‘lgan kasblarga o‘qitilib, 150 nafardan ortig‘iga tikuv mashinkasi, pishiriq pishirish pechi va boshqa vositalar berilib, hech bo‘lmaganda, uy sharoitida ishlab, pul topishiga erishildi. Bu yildan markazda har oy 300 nafargacha ayollar o‘qitilmoqda. E’tiborlisi, bu yerda o‘qigan xotin-qizlar ishlab daromad qilish bilan birga, o‘z mahallalaridagi ayollarga ham hunar o‘rgatib, ularga ko‘mak bermoqda. Misol uchun, Xolvoyi, Saroy mahallalarimizda bo‘sh turgan xonalar ana shunday hunarli ayollarga ajratib berildi va ular hududdagi ishsiz xotin-qizlarga kasb o‘rgatyapti, ham ishlab daromad qilyapti. Xolvoyi mahallasidagi ikkita bo‘sh xona “Ayollar daftari”da turgan ishsiz ayolga berilgach, bu yerda ikkita tikuv mashinasi bilan ish boshlangandi. Hozir 8 nafar xotin-qizlar shu joyda kasb o‘rganmoqda. Kattaqishloqdagi tajriba o‘z samarasini bergani uchun birinchi navbatda boshqa sektorlar shtablarida ham shunday markazlar tashkil etishga kirishdik. Ayni paytda to‘rtinchi sektorning Nazar mahallasida bu borada qizg‘in ish olib borilmoqda. Aslida, Jomboy tumanida tomorqasida mehnat qilib, meva-sabzavot yetishtirish, chorvachilik va parranadachilik bilan shug‘ullanayotgan ayollar ko‘pchilikni tashkil etadi. Qolaversa, hududda sanoat korxonalarining ko‘pligi sababli bu maskanlarda ishlovchilar ham kam emas. Lekin korxonalarga borib ishlashga oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmaydigan ayollar uchun biror hunar o‘rganib xonadonida mehnat qilish ham foydali hisoblanadi.

Naymantepa mahallasida yashovchi Go‘zal Bo‘riyeva ana shunday bekalardan biri. U o‘tgan yil o‘z hovlisida davlat ko‘magi va bank krediti orqali ikkita kichik issiqxona tashkil etib, dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlagan edi. bugungi kunda bu xonadon vakillari issiqxona xo‘jaligi daromadi hisobidan ro‘zg‘or tebratish bilan birga, qo‘shimcha mablag‘ga ega bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda Joyboyda 5278 xotin-qiz “Ayollar daftari” ga kiritildi. Ularning 2057 nafari ishsiz, kasb-hunarga ega bo‘lmagan xotin-qizlar hisoblanadi. Shuningdek, 264 nafar bekalar tadbirkorlik qilish istagini bildirgan. Yil davomida bu xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar belgilangan. Boquvchisi bo‘lmagan, ehtiyojmand xotin-qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash ham doimiy e’tibordagi masala hisoblanadi. Ushbu toifadagi 930 nafar ayollarga bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobari hajmida bir martalik moddiy yordam, 48 nafariga uy-joyini ta’mirlash uchun qurilish materiallari yetkazib berildi. Ayni paytda, tumanda 20 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qiz ro‘yxatga olingan. Ularning 12 nafari uchun homiylar tomonidan uy qurib berilmoqda, 8 nafariga esa ijara uchun oylik kompensatsiya to‘lanyapti.

Jomboy tajribasi sifatida tumanda tomorqasi mavjud ayollarga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun ko‘mak ko‘rsatiladi. Ularga sabzavot va poliz urug‘lari berilib, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga ham yordam beriladi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA