Behbudiy uchun gazetadan manfaat nima bo‘lgan?
Jadidlar davri matbuoti, xususan Behbudiyning publitsistik faoliyatini tahlil qilish uchun Turkistonning o‘sha davrdagi ma’rifatparvarlari uchun muhim hisoblangan manfaatlar nuqtai nazaridan yondashish kerak.
Xo‘sh, XX asr boshida ijtimoiy faol insonlar uchun manfaat, ya’ni ularning maqsad va muddaolari nimadan iborat bo‘lgan?
Yurt mustamlakaga aylanib bo‘lgan va xalq chorak asrdan ortiq Rossiya imperiyasiga qaram. Mehnatu mashaqqat bor, ammo kelajak yo‘q. Imperiyadan kuch bilan chiqish imkonsiz bo‘lgan ana shunday vaziyatda Mahmudxo‘ja Behbudiy kabi ma’rifatparvarlar Turkiston xalqining bu holga tushib qolganini chuqur tahlil qiladi va undan chiqish yo‘llarini qidiradi.
Ularni “Nega biz mustaqilligimizni yo‘qotdik? Nima sababdan biz mustabidlik zanjiriga tushib qoldik? Mustabidlik zanjiridan qutilib, mustaqillik nash’asini topishning iloji topiladimi? Buning uchun nimalar qilish kerak?” (Do‘stqorayev B. «O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi». T.: G‘.G‘ulom nomidagi matbaa-nashriyot uyi. 2009. 108-b.) degan savollar qiziqtirgan.
1899-1900 yillardagi Haj safari (Hoji Muin. Mahmudjo‘ja Behbudiy, “Zarafshon” gazetasi, 1923 yil, 25 mart) tabiiyki, Behbudiyning dunyoqarashini keskin o‘zgartiradi va yo‘l-yo‘lakay ko‘rgan va eshitganlari unda kelajakka intilish uchun kuch hamda aniq maqsadlarni paydo qiladi.
Kurash va maqsad uchun insonda ilm va xabardorlik bo‘lishi kerak edi. O‘sha davrda ilm va xabardorlik uchun eng muhim vosita bu nashrlar edi. Shu maqsadda Behbudiy vatanga qaytib, “Tarjumon” (Boqchasaroy), «Turkiston viloyatining gazeti», «Sharqi Rus» (Kavkaz), «Mir’ot» (Sankt-Peterburg) nashrlariga obuna bo‘ladi hamda ushbu nashrlarda “Samarqanddan xatlar” ruknida turkum maqolalar e’lon qilib boradi.
Ta’lim, tarbiya va odamlarning dunyoqarashini zamonga mos o‘zgartirish o‘tgan asrimiz boshida ko‘pchilik jadidlarga xos bo‘lgan. Bu borada Behbudiyning xatti-harakatlari boshqa zamondoshlaridan farq qiladimi?
Umuman, gazetachilik ishlaridan Behbudiy uchun qanday “manfaat” bo‘lgan?
Behbudiy o‘zi mustaqil gazeta tashkil etgunga qadar ushbu nashrlarni o‘qish va maqolalar yozish orqali keyinchalik maqolalari hamda jamiyat va davlat rivoji yo‘lidagi takliflarining paydo bo‘lishida katta tajriba orttiradi.
Behbudiy sa’y-harakati bilan ilk marta 1913 yilda gazeta (“Yangi Samarqand – Samarqandi nav”, shuningdek gazeta keyinchalik “Yangi Samarqand”, “Samarqand” nomlarida chop etilgan) tashkil etilgani sababli ba’zi tadqiqotchilar uni jadidlar matbuotining keyingi bosqichi vakili sifatida tilga oladi. Lekin Behbudiy jadidlar matbuoti paydo bo‘lishining dastlabki yillaridanoq faol bo‘lgan. “U 1908 yildan boshlab, Samarqandda gazeta chiqarish uchun ma’murlardan ruxsat olishga intilgan. Uning niyati 1913 yilga kelibgina amalga oshadi” (Do‘stqorayev B. «O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi». T.: G‘.G‘ulom nomidagi matbaa-nashriyot uyi. 2009. 186-b.). Demak, Behbudiy gazeta chiqarishga unga ruxsat berilishdan oldinroq tayyor bo‘lgan. Abdulla Avloniyning “Samarqand” gazetasi haqida “... elu xalqning ko‘zini ochishga bios bo‘ldi” (Saidov H. Asl farzand. “Ma’rifat” gazetasi, 2014 yil, 22 yanvar) degan ta’rifi Behbudiyning publitsistik salohiyati, gazeta tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga qanchalik darajada erishilganiga berilgan eng to‘g‘ri baho bo‘ladi.
Behbudiy o‘sha davr odamlari dunyoqarashiga mos masalalarni matbuot yordamida ketma-ketlikda bera olgan. “Samarqand” gazetasining ilk sonlarida “Gazeta nima?” (“Gazet chist?”) (“Samarqand” gazetasi 4-son) sarlavhasida maqolalar e’lon qilingani bejiz emas. Sababi, ko‘pchilik mahalliy aholi uchun noodatiy bo‘lgan gazetaning o‘zi haqida tasavvur shakllantirmay turib, murakkab masalalar haqida yozish noo‘rin bo‘lgan bo‘lardi. Ammo u odamlar dunyoqarashi o‘zgarishi, taraqqiy etish uchun uzoq yillar kerak degan fikrdan uzoq bo‘lgan. Bu fikrni gazeta sahifalarida xalqaro siyosat (“Muhoraba nima bo‘ldi?”, “Bolqonmi, vulqon?”, “Rumoniyoning kuchi”, “Sulh shartnomasi” kabi maqolalar), siyosiy-ijtimoiy (“Kim eshitadur?”, “Sart” so‘zi majhuldir!” “Millatlar qanday taraqqiy etarlar?”, “Bizni kemiruvchi illatlar” kabi maqolalar), tarix va geografiya (“Mirzo Ulug‘bek”, “Adrna”, “Tarixi Hinduston”, “Sherdor”, “Turkiston”, “Samarqand” so‘zi xususida kabi maqolalar), ijtimoiy (“Ikki emas, to‘rt til lozim”, “Mulohaza” kabi maqolalar), iqtisodiy (“Mayda qarz”, “O‘quvchilarga yordam kerak” kabi maqolalar), huquqiy (“Maktablarga ruxsat olmoq tariqasi”, “Amaldorlar saylovini tasdiqlash to‘g‘risida”), aniq ilmiy tushunchalar (“Jug‘rofiya chist?”, “Yer”, “Tarix va jug‘rofiya”, “Oftobning sathi”, “Qamar-Oy”, “Havo” kabi maqolalar) hamda diniy (“Huqanddan maktub”, “Kiyim va tashabbuh masalasi”, “Tahsil va safari zamon va taom” kabi maqolalar) masalalarga oid e’lon qilgan maqolalar ham isbotlaydi.
Behbudiy publitsistikasining yana bir e’tiborli tomoni Turkiston o‘lkasida yashovchi aholining turli tillar va shevalarda gapirishini inobatga olib, matbuot orqali yetkazmoqchi bo‘lgan fikrlarining barchaga tushunarli bo‘lishi uchun ijodining dastlabki yillaridagi murakkab uslubini o‘zgartirib “o‘rta shevada” yozishga urinadi.
Masalan, “TVG” jurnalisti Olim Abulqosimovning “Nashr etiladigan kitoblarning tili” maqolasida Behbudiyga qarata: “Yangi bosiladurgon “Muntahabi jug‘rofiyai umumiy” kitobingizni o‘qub ko‘rdim. Aksar ibrati sodda turk tili emas. Ulamolarni o‘qumog‘i uchun bo‘lgon vaqtda har qanday iborataro (“o‘rta til” – B.Do‘stqorayev izohi) bo‘lsa lozimdur. Lekin maktab bolalar uchun bo‘lgan holda tamom iboratlari chig‘atoy turk iborati ilan yozilsa, yaxshi bo‘lar edi, degan maslahatni o‘ylaymiz...” (“TVG” gazetasi, 1906 yil, 10 mart soni).
Tabiiyki, Behbudiy bu fikrlarni yaxshi qabul qiladi va shu bilan birga, turk tilini zamonaviy shaklga keltirishga kirishadi. Uning “Til masalasi” («Oyna» jurnali, 1915 yil, 11—12-sonlar. 274—277, 306-311-betlar.) maqolasida yozilganidek, “...ming yil avvalgi tilg‘a qaytmoq qonuni tabiatg‘a xilofdur. Chunki moziyg‘a ruju’ mumkin yo‘q. Begona tildan so‘z olmoqdan qutulgan til yo‘qdur... Xulosa fikrimiz shuki, yalg‘uz turkcha so‘ylamak va yozmoq abadan mumkin yo‘q. Baqadri imkon arabiy va forsiyni oz yozayluk”.
Shuningdek, “Ikki emas, to‘rt til lozim” («Oyna» jurnali, 1913 yil, 1-son, 12—14-betlar.) maqolasida ham Behbudiy til masalasida boshqa jadidlardan o‘zgacha yondashgan.
Demakki, Behbudiy yozgan materiallar va u rahbarlik qilgan nashrlarning “o‘rta til”da yozilishi bilan birga ko‘p tilli bo‘lishi va Turkiston o‘lkasining barcha xalqlarini qamrab olishga harakat qilingan.
Behbudiy yozgan maqolalarni tahlil qilib, shunday xulosa qilish mumkinki, gazetachilik orqali uning yagona “manfaati” va maqsadi “... xalqqa o‘sha zamonning eng muhim hodisalarini tushuntirish, milliy tuyg‘u nimaligini anglatish, milliy manfaatni shaxsiy manfaatdan ustun degan tushunchani singdirish”dan (Do‘stqorayev B. «O‘zbekiston jurnalistikasi tarixi». T.: G‘.G‘ulom nomidagi matbaa-nashriyot uyi. 2009. 187-b.) iborat bo‘lgan.
Ortiqxo‘ja NOROV,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o‘qituvchisi