Begoyim davlat granti asosida o‘qiydi
Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini hamda gender tengligini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xotin-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalariga berilgan grant o‘rinlarining 4 foizi miqdorida qo‘shimcha davlat granti ajratilishi xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning hayotda, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun berilgan keng imkoniyat bo‘ldi.
Bu yil ana shunday imtiyoz asosida o‘qishga kirish uchun Andijon viloyatidagi 2 ming 812 nafar ehtiyojmand, shuningdek, 997 nafar kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizga tavsiyanoma berildi va ularning ma’lum qismi turli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilindi.
– Imtiyoz menga qanot bag‘ishladi, – deydi Begoyim Abdumo‘minova. – Test sinovida yuqori ball to‘plab, Andijon davlat pedagogika institutining Milliy g‘oya va huquqiy ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. To‘plagan ball bilan men kontrakt asosida o‘qishim lozim edi. Lekin Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar uchun berilgan imtiyoz, tavsiyanoma tufayli endi men davlat granti asosida o‘qish imkoniga ega bo‘ldim. Bundan nafaqat men, balki butun oilamiz juda xursand.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari