«Beeline» kompaniyasi abonentlariga milliardlab zarar qoplanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi joriy yilning mart oyida Beeline Uzbekistan kompaniyasiga nisbatan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining Qonuni va “Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari” talablari buzilishi belgilari bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan edi.
Ma’lumot uchun!
2019 yilning iyul oyida “UNITEL” MCHJ tomonidan abonentlarni “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul promo-davrga (10 va 30 kunga) ulanishi bo‘yicha promo-aksiya o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon berilgan edi. Ushbu promo-aksiya mazkur xizmatga ulanmagan abonentlar uchun mo‘ljallangan. Biroq, bepul davr tugashi bilan, USHBU XIZMAT avtomatik ravishda O‘CHIRILMAGAN (promo-aksiya shartlariga ko‘ra).
Aksincha, o‘rnatilgan narx bo‘yicha kunlik 240 so‘m miqdorida abonetlarga hisoblangan.
3,2 mln abonentda “Xabardor bo‘l”
Ushbu promo-aksiyaga umumiy hisobda 3,2 milliondan ortiq abonent ulangan bo‘lib, ulardan 1,2 millionga yaqini tomonidan mazkur xizmat mustaqil ravishda o‘chirilgan.
2020 yil may holatiga ushbu xizmat deyarli 1,3 mln. abonentda yoqilgan holatda bo‘lishda davom etgan.
Agentlikning Maxsus komissiyasi tomonidan 2020 yil 3 iyul sanasida “UNITEL” MCHJga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi hamda Mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining 25 va 26 bandlari buzilishi yuzasidan qaror qabul qilindi va ko‘rsatma berildi.
Ko‘rsatma, promo-aksiyani o‘tkazish davomida “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul ulangan va aksiya tugaganidan so‘ng avtomatik ravishda xizmat o‘chirilmagan abonentlarga mazkur xizmatni o‘chirish va ko‘rilgan zararni qoplash bo‘yicha talablardan iborat bo‘lib, har bir abonent hisobidan “Xabardor bo‘l” xizmati doirasida ortiqcha yechilgan mablag‘ uning hisobiga qaytarilishi bilan qoplanishi ko‘zda tutilgan.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ikkita sud jarayonida yutib chiqdi
“UNITEL” MCHJ o‘zining qonuniy huquqlaridan foydalangan holda, shu yilning avgust oyida Toshkent shahar Shayxontohur tuman ma’muriy sudiga Agentlik ko‘rsatmasini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida murojaat qilgan edi. Natijada, sud “UNITEL” MCHJning talabini rad etish va Agentlik ko‘rsatmasini o‘z kuchida qoldirish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Biroq, joriy yilning oktyabr oyida Kompaniya Toshkent shahar ma’muriy sudiga appelyatsiya da’vosi bilan qayta murojaat qildi. Ma’muriy sud ham Agentlikning Ko‘rsatmasini haqiqiy deb topib, Kompaniya appelyatsiyasini rad etdi.
“Xabardor bo‘l” xizmati o‘chirildi
Shu yilning 13 noyabr kuni “UNITEL” MCHJ o‘zining www.beeline.uz rasmiy saytida 26 noyabrdan boshlab, 2019 yil promo-aksiya davomida aksiyaga ulangan abonentlarda “Xabardor bo‘l” xizmati o‘chirilishi to‘g‘risida e’lon qildi.
Agentlik tomonidan qo‘zg‘atilgan ish bo‘yicha 9 oy davom etgan munozara iste’molchilar foydasiga hal etildi. bugungi kunga kelib, Beeline Uzbekistan abonentlariga yetkazilgan zarar
20 milliarddan ortiq miqdorda baholanmoqda. Quvonarlisi, kompaniya tomonidan ushbu mablag‘lar abonentlar hisobiga qaytarilishi boshlandi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi ma’lum qiladi:
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi):
iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etishi shart;
iste’molchini tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlashini cheklashi va qo‘shimcha tovar (ish, xizmat) olishga majburlashi mumkin emas;
iste’molchini hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo‘lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to‘liq hajmda qoplashi shart.