“Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz”
18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan Buxoro viloyati Vobkent tumani hokimligi tashabbusi bilan “Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz” shiori ostida yurish marafoni tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33 yilligini keng nishonlash, davlat ramzlariga nisbatan hurmat tuyg‘ularini yanada yuksaltirish, “Beshta muhim tashabbus” doirasida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish, davlat tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda sportni ommalashtirish maqsadida o‘tkazildi. Yurish marafoni Vobkent tumani markazi G‘.G‘ulom ko‘chasi bo‘ylab tumandagi markaziy o‘yingohda davom etdi.


Umumiy uzunligi 1,5 kilometr masofa bo‘lgan marafonda Vobkent tuman hokimi Farhod Umarov boshchiligida sektor rahbarlari, IIB va Milliy gvardiya xodimlari, Vobkent tumani tibbiyot birlashmasi xodimlari, Sport maktabi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi, mahalla xodimlari va ko‘ngilli yoshlardan iborat 500 ga yaqin fuqarolar qatnashdi.
– Ushbu tadbirning davlatimiz bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan o‘tkazilayotganining ahamiyati katta, – deydi tuman hokimi Farhod Umarov. – Zero, mustaqilligimiz, milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ushbu davlat ramzi har birimizni yuksak marralar sari ruhlantiradi.

Tadbirlar viloyatning barcha hududlarida ham bo‘lib o‘tmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri