Bayramni o‘z uyingda kutishdan ortiq baxt yo‘q
“Oltiariq” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulnoza Oripova 4 nafar farzandning onasi.
Yolg‘iz ayolning boshidan ne ko‘rguliklar o‘tmadi, deysiz. Sabr-qanoat qilib, o‘n yildan buyon ijarada yashab kelmoqda. Bu yilgi Navro‘z bayrami bir umr yodida qoladigan bo‘ldi. Chunki unga ko‘p qavatli yangi turar joylardan 2 xonali shinam uy tuhfa qilindi.
Oltiariq tumanida Gulnoza kabi og‘ir vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand 25 oilaga yangi bunyod etilgan uylar tantanali topshirildi.
Inson borki, o‘z uyi – oshyoni bo‘lishi uchun intiladi. Biroq oramizda shunday insonlar ham uchraydiki, qo‘li yupqaligi yoki imkoniyati cheklangani tufayli uyli bo‘lishdek orzu bilan uzoq yillardan buyon bir joyda qo‘nim topmay yoxud o‘ta qiyin, nochor sharoitda yashab kelmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan nogironligi bo‘lganlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kam ta’minlangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar yangi bosqichga chiqqani bugun, aytish mumkinki, ana shu ehtiyojmand insonlar hayoti, ularning oilasiga chinakam quvonch olib kirmoqda.
Farg‘ona viloyatida bayram arafasida uy-joyga muhtoj xotin-qizlar, ehtiyojmand oilalarga Oltiariq va Farg‘ona tumanida bunyod etilgan ko‘p qavatli uylar topshirildi. Uylarning boshlang‘ich to‘lovi Respublika xotin-qizlar va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan to‘lab berilgani ularning mushkulini yanada oson qildi.
Oltiariq tumanida mazkur uylarni topshirish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Viloyat hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Dilnoza Ergasheva, tuman hokimi Xolmirza Niyozov yangi uy sohiblarini qo‘shaloq bayram bilan tabrikladi.
Shinam, bir oila bekamu ko‘st yashashi uchun barcha sharoit muhayyo etilgan uyga ko‘chib kirganlardan yana biri Odinaxon Madaminovadir. Turmush o‘rtog‘i Vahobjon aka birinchi guruh nogironi, bir nafar farzandi bor. Uch yildan buyon Tinchlik shaharchasidagi Oltiariq neftni qayta ishlash zavodiga qarashli yotoqxonada yashab keladi.
“Sharq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilgan ko‘p qavatli uylardan 2 xonali uyning kaliti berildi.
– Qalbimdagi minnatdorlikni, shukronalikni so‘z bilan ifodalay olmayman, – deydi Odinaxon. – O‘z uying bo‘lgani baribir baxt ekan. Sevimli oilam, yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotim bor. Lekin hayotimizda bir kemtiklik bor edi. Uysiz edik. Bugun davlatimiz tomonidan ko‘rsatilgan beminnat ko‘mak tufayli bu kemtiklikning o‘rni to‘ldi.
Uylarni topshirish marosimi Navro‘z bayrami tantanalariga ulanib ketdi. Bir piyola choy ustida davom etgan tadbirda san’atkorlarning ijodiy dasturi namoyish etildi.
[gallery-1674]
M. Sulaymonov,
M. Qodirov(surat),
O‘zA