Bayram tadbirlari koʻtarinki ruhda oʻtmoqda
Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayramiga bagʻishlangan bayram tadbirlari butun respublikamiz boʻylab koʻtarinki ruhda davom etmoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayramiga bagʻishlangan bayram tadbirlari butun respublikamiz boʻylab koʻtarinki ruhda davom etmoqda.
Yurtimizda neft-gaz tarmogʻining yetakchi korxonalaridan biri boʻlgan, mustaqillik yillarida bunyod etilgan “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham qutlugʻ ayyom munosabati bilan tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Bugungi kunda “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” tomonidan ishlab chiqarilayotgan polietilen granulalari eksportga yoʻnaltirilmoqda hamda respublikamiz ichida mahsulotlarni ishlab chiqarish va ehtiyojga ishlatish maqsadida foydalaniladi. “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” mahsulotlarining keng koʻlamligi va koʻplab maqsadlarga moʻljallanganligi Oʻzbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarini barqaror va samarali rivojlanishini taʼminlaydi. Butunlay yangi turdagi ishlab chiqarishlar va yangi texnologiyalarni joriy qilish uchun oʻziga xos katalizator boʻlib xizmat qiladi. Kichik va oʻrta biznesni faol rivojlantirishga va respublikada eksport salohiyatini oshirishga imkon beradi.
Bayram tadbirida mehnat faoliyati davomida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlar taqdirlandi.
– Sanoat korxonamizda 4 ming nafardan ziyod xodim mehnat qilmoqda, – deydi majmuaning ijtimoiy rivojlanish boʻyicha bosh mutaxassisi Ulugʻbek Xonqulov. – Shubhasiz, erishilayotgan natijalarda ularning munosib ulushi bor. Ushbu muhim sanalar munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali bayram tadbirida majmuada fidokorona mehnat qilib kelayotgan 50 nafardan ziyod ilgʻor xodim qimmatbaho esdalik sovgʻalari va 40 nafarga yaqin faol xodim faxriy yorliq bilan mukofotlandi.
Tadbir davomida majmuada 40 yoshdan yuqori xodimlar oʻrtasida oʻtkazilgan mini futbol musobaqasi gʻoliblarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi.