Bayram osuda o‘tishi barchamiz uchun muhim
Hayotimizdagi har bir muhim voqea, jumladan, bayramlarning yurtimizda tinch, osoyishta va yuksak saviyada o‘tishini ta’minlash ichki ishlar organlari xodimlari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 247 ta maxsus joyda 2 ming 365 ta yangi yil bayrami tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.
Bayram tadbirlarining yuqori saviyada, munosib va ko‘tarinki ruhda o‘tishini ta’minlash uchun ichki ishlar tomonidan keng qamrovli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, barcha shahar va tuman markazlari, qishloq, ovul, qo‘rg‘on va mahallalar, bayram tadbirlari o‘tadigan hududlarda jamoat tartibini saqlash, favqulodda hodisalarning oldini olish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari patrul guruhlari tuzilib, ularning ogohligi va faolligi yanada oshirildi.
Mas’ullar tomonidan jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni yanada kuchaytirish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslarni aniqlab, ularga jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda ijobiy profilaktik ta’sir ko‘rsatish maqsadida tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Tadbirni o‘tkazishda mahalliy hokimliklar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat tashkilotlarining yaqin hamkorligi yo‘lga qo‘yilgan. Bu boradagi profilaktik ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida mahallalar, korxona, tashkilot va o‘quv muassasalarida uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibini saqlash va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, noxush holatlarning yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida hozirgi kunda mahalliy hokimliklar, huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa mutasaddi idoralarning vakillaridan maxsus guruhlar tashkil etilib, bayram bilan bog‘liq barcha ob’ektlarning texnik va yong‘in xavfsizligi holati atroflicha o‘rganib chiqildi.
Shuningdek, joriy yilning 24 noyabrdan boshlab respublika miqyosida pirotexnika vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Zero, har doim hushyor va ogoh bo‘lish nafaqat bayramlar shukuhini, balki, kundalik turmushimizning fayzu barakasini ham oshiradi.
Gulnoza BOBOEVA, O‘zA