Bayram oldidan narxlar barqaror qoladimi?
Raqobat qo‘mitasidan yirik tarmoqlarga ogohlantirish
Yangi yil bayrami arafasida aholi tomonidan oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab keskin oshishi kuzatiladi. Bunday paytda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar narxlarining sun’iy ravishda oshib ketishi aholi turmush darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, bozorda sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish hamda narxlar barqarorligini saqlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi tomonidan Yangi yil bayrami arafasida talab keskin ortishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligini ta’minlash yuzasidan yirik chakana savdo tarmoqlariga tegishli ko‘rsatmalar yuborildi.
Jumladan, “Korzinka”, “Makro”, “Havas”, “Baraka”, “Magnum”, “Assorti”, “B1” va “Magnit” savdo tarmoqlariga yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan mahsulot narxlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar — narxlarni o‘zgartirish, logistika xarajatlarining ortishi va boshqa sabablar haqida Qo‘mitani tezkor tarzda xabardor qilib borish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, mazkur savdo tarmoqlariga yetkazib beruvchilar tomonidan asossiz ravishda narxlarni oshirishga yo‘l qo‘ymaslik, bozorda barqarorlikni ta’minlash hamda iste’molchilar manfaatlariga zid holatlarning oldini olish yuzasidan doimiy ravishda ogohlantirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan bozordagi vaziyat doimiy monitoring qilib borilishi, qonunchilik talablariga zid holatlar aniqlangan taqdirda tegishli choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA