Bayram kunlarida keksalar holidan xabar olindi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Qutlug‘ sana munosabati bilan joylarda keksa avlod vakillariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning duosini olish va bayram shukuhini ulashishga qaratilgan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi tashabbusi bilan Toshkent shahar Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazida «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida o‘tkazildi.
Tadbir doirasida partiya vakillari markazda keksalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ularga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan yaqindan tanishdi. Keksa avlod vakillari bilan samimiy muloqot o‘tkazilib, ularning fikr-mulohazalari, taklif va istaklari tinglandi.
Shuningdek, markaz faoliyatini samarali tashkil etishga o‘zining halol mehnati va fidoyiligi bilan munosib hissa qo‘shib kelayotgan xodimlarning xizmatlari alohida e’tirof etilib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
M.Komilova,
O‘zA