Bayram dasturxoni “qimmatga tushmasin”
Ayni yoz pishiqchilik mavsumi: meva-chevalar, tarvuz-qovun pishgan payt. Ertaga Muborak Qurbon hayiti - deyarli barcha yurtdoshlarimizning xonadonida bayram dasturxonlari yoziladi va turli noz-ne’matlar bilan yasatiladi.
Mutaxassislar ayni yoz kunlari ovqatdan zaharlanishdan ehtiyot bo‘lish lozimligini, issiq kunlarda ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘p uchrashini ta’kidlashmoqda. Ayniqsa, bolalar, 3 oylikdan 2 yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarga juda ham ehtiyot bo‘lish kerak.
Ovqatdan zaharlanish – mikroblar bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’mol qilinganda vujudga keladigan kasallik, – deyiladi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi taqdim etgan ma’lumotda. Mikrob tushib ko‘paygan ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida hamda bemor organizmiga mikrobning o‘zi va uning toksini ta’sirida ovqatdan zaharlanish holatlari kuzatiladi.
Zaharlanish ko‘pincha urinib qolgan, sifati buzilgan go‘sht va go‘sht mahsulotlari, sut mahsulotlari, ayniqsa, tort va shirinliklar, baliq va tovuq go‘shtini iste’mol qilganda yuzaga keladi. Stafilokoklar sabab bo‘lgan hollarda infeksiya manbai odam hisoblanadi. Angina yoki turli yiringli kasalliklar: sachratqi, chipqon, xasmol va boshqa yiringli yaralari bo‘lgan kishilardan mikrob tayyor mahsulotga o‘tib, tez ko‘payadi. Uni bilmay iste’mol qilgan kishi darhol zaharlanadi.
Kasallikning yashirin davri 2-3 soatdan 3 kungacha. Kasallik to‘satdan ko‘ngil aynishi va qusish bilan boshlanadi, ich ketadi, qorinda tutash og‘riq bo‘ladi. Qisqa vaqt ichida bemor organizmi suvsizlanadi, u holsizlanib qoladi. Yurak-tomir tizimi faoliyati buziladi. Ayniqsa, klostridiyalar sababli ro‘y beradigan zaharlanish og‘ir kechadi. Kasallikka tashxis qo‘yish uchun bemorning qusuq massasi, me’dani chayilgan suvi strillangan bankaga yig‘ilib laboratoriyaga yuboriladi. Zaharlanishga sababchi, deb gumon qilingan ovqat mahsulotlari ham laboratoriyada tekshiriladi. Najasdan Myuller muhiti va tuzli eritmaga ekma olinadi.
Tekshirishga olingan turli ekmalardan bir xil mikrob topilishi, o‘sha kasallik sababchisi ekanidan dalolat beradi. Kasallikning 5-6-kunidan boshlab bemor qoni zardobi bilan ajratib olingan mikrob kulturasi aralashtirilib agglyutsinatsiya reaksiyasi qo‘yiladi. Reaksiyaning 1:40 nisbat va undan yuqori suyultirishda ijobiy natija berishi ushbu mikrob kasallik sababchisi ekanidan darak beradi. Ovqatdan bo‘ladigan toksikinfeksiyalar va intoksikatsiyalarni ovqatdan zaharlanishdan farq qila bilish kerak.
Davo kasallikning dastlabki alomatlari paydo bo‘lganida tez yordam sifatida me’dani 2 foizli soda yoki nimrang kaliy permanganat eritmasi bilan chayish, tozalashdan iborat. Regidron eritmasini ichirib turish kasallik og‘irlashishining oldini oladi. Og‘irroq hollarda disol, atsesol, trisol kabi suyuqliklar tomir orqali tomchilab qo‘yiladi. Zarurat bo‘lganida yurak-tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydigan dorilar yuboriladi.
Oziq-ovqat sohasida ishlaydigan barcha xodimlar sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishlari kerak hamda sanitariya minimumini topshirganliklari haqida guvohnomalari bo‘lishi shart.
Kasallikning oldini olishda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, emizikli onalar go‘dakni emizishdan oldin qo‘li va ko‘kragini sovunlab yuvishi kerak. Yoz kunlari go‘daklar uchun ovqat faqat bir marta iste’mol qilishga yetarli qilib tayyorlanishi lozim. Ovqatga ishlatiladigan idishlar avval yuvilib, so‘ngra qaynatilishi, ustiga toza doka yopib qo‘yilishi lozim. Ro‘zg‘orda ishlatiladigan tez buziladigan mahsulotlar sovutgichda saqlanishiga alohida e’tibor qaratish lozim.
Mohigul Qosimova, O‘zA