“Baxtsiz kuyov” – illatlar aks etgan asar
Keyingi paytlarda milliy adabiyotimizning yirik namoyandalari asarlarini ekranlashtirish, qolaversa, ular haqida turkum kinofilmlar yaratish masalasi kun tartibidan tushmayotgani kishini quvontiradi.
Masalan, “At-Termiziy”, “Ibrat”, “Behbudiy” va “Avloniy” kabi filmlarning yaratilgani, qolaversa, Adiblar xiyobonida haykallari qad rostlagan yana qator ulug‘ shoiru yozuvchilarimiz haqida shu kunlarda turkum hujjatli filmlarning tayyorlanayotgani mamlakatimizda tarix va adabiyotimizga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasidir. Shuning barobarida, global axborot zamonida yoshlarga ulug‘ ajdodlarimizni tanitishga, ayniqsa, adabiyotimizning nodir asarlaridan ularni bahramand etishdek ulug‘ maqsadga xizmat qiladi.
Agar badiiy tafakkurimizning boyishida “Alisher Navoiy”, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Amir Temur”, “Zahiriddin Muhammad Bobur”, “Alpomish” kabi o‘nlab badiiy filmlarning o‘rnini inobatga olsak, tarixiy shaxslar va badiiy asarlar asosida yaratilgan filmlarning bugun uchun ham nechog‘liq ahamiyatli ekanligini anglash qiyin emas.
Buyuk ma’rifatparvar bobokalonimiz, o‘zbek romanchiligi maktabi asoschisi Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” pesasi asosida yaratilgan badiiy film, aytish mumkinki, bu yo‘ldagi yana bir navbatdagi ulug‘ qadam bo‘ldi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi buyurtmasiga asosan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “O‘zbektelefilm” studiyasi davlat unitar korxonasi tomonidan tayyorlangan “Baxtsiz kuyov” filmi nafaqat tarix, balki bugungi kun muammolaridan so‘zlaydi.
Kuni kecha “O‘zbekiston” telekanalida mazkur badiiy filmning ilk premerasi bo‘lib o‘tdi. Unda adabiyot, san’at va madaniyat sohalarining taniqli vakillari tomonidan mazkur filmning xalqimiz hayotida tutgan o‘rni, ayniqsa, yaqin o‘tmishda ro‘y bergan turli ijtimoiy illatlar, xususan, to‘ydagi isrofgarchilik va dabdabavozliklarga berilish oqibatida yuzaga kelgan turli fojialar “Baxtsiz kuyov” asarida katta mahorat bilan yoritilgani va ular filmda ham ijodkorlar tomonidan yuksak mahorat bilan ochib berilgani qayd etildi. Ayniqsa, film bosh qahramoni Solihning kechmishi, o‘z sevgisiga yetishish uchun har qanday shartlarga rozi bo‘lishi, oqibatni o‘ylamay katta qarz olishi, qarzini to‘lolmagandan so‘ng sevgilisi bilan birgalikda o‘z joniga qasd qilishi, eng achinarlisi, bunday fojia yuzaga kelishida boshqalarning ham aybi borligi, afsuski bunday qayg‘uli holatlar bugungi zamonamiz uchun ham begona emasligi taqdirlar misolida o‘ziga xos tarzda ochib berilgan.
Filmda har bir obraz mahorat bilan yaratilgan, o‘ziga xos xarakterlar gavdalangan. Rejissyorlik mahorati, operatorlik ishi va musiqiy bezak, zamon va makon uyg‘unligi kabi badiiy filmga xos tushuncha va tamoyillarga ham yuksak e’tibor qaratilgan. Har bir obraz va unga mos aktyorlar tanlovi amalga oshirilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu film xalqimizning yaqin tarixidan so‘zlaydi va bugungi kunimizdagi ijtimoiy illatlardan har birimizni xabardor etadi. Ayniqsa, ota-onalar, yoshlarga ibrat maktabini o‘taydi. Buyuk ma’rifatparvar bobokalonimiz – Abdulla Qodiriyning o‘gitlarini har dam yodga soladi.
Shuhrat Hayitov, O‘zA