Baxt manzillarini beton va g‘ishtdan tiklasa bo‘lishini isbotlayotgan massivlar
Prezident tashabbuslari – amalda
Bir darvozadan uch oila kirib chiqadi. Vaqt o‘tishi bilan nabiralar ko‘paydi. Ular uyg‘aya boshlaganda esa katta hovli ham torlik qilib qoladi.
– Otasi, kenjani yonimizda qoldirib, qolganlarni uchirma qilaylik, – deydi kampir dasturxonning u yoq-bu yog‘ini to‘g‘irlar ekan. – Bularingiz shaharga oshiqadi. Mening esa uzoqqa qo‘yib yuborgim yo‘q.

Otaxon doimgiday vazmin. U xayol qiladi. Yangi uy solish uchun esa yer yo‘q, deydi o‘ziga-o‘zi. Yangi o‘zlashtirilayotgan joylardan yer topganda ham ichimlik suvi, tabiiy gaz muammo. Shunday bo‘lganidan keyin yoshlar ishlash uchun shaharga qiziqadi-da. U bu xayollarni tilga chiqarmaydi.
Sal o‘tmay bu mavzu esdan chiqqanday bo‘ladi. Chol-kampirning gurungi endi qaysidir nabirasining sho‘xliklari haqida bo‘la boshladi.
Bu manzarani o‘zimizdan-o‘zimiz to‘qib-chatmadik. Bu hayotiy muloqot “kadr”lari Qo‘qonda bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” massividan xonadon sotib olgan yosh oila bilan suhbatlashganimizda xayolimizda jonlandi. Bu haqda biroz keyin alohida to‘xtalamiz. Hozir esa mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘y cho‘zayotgan mana shunday manzillar xalq va davlat uchun nima berishi haqida qisqa mulohazamiz bor.

Bu loyihalarning amalga oshayotgani mamlakatdagi urbanizatsiya jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan strategik qadamdir. Aholi sonining tez sur’atlar bilan o‘sishi turar joyga bo‘lgan talabni keskin oshirmoqda. Eski uy-joy fondi va mavjud infratuzilma bu talabni to‘liq qondira olmay qolayotgani ham sir emas edi.
Shuningdek, qishloqlarda yashovchi aholining shaharlarga intilishi ham tabiiy holat. Bu joylar shahar tipidagi turar joylarga talabni oshirmoqda. Talab bor joyda qulay taklifning bo‘lishi tug‘iladigan masalalarga oldindan yechim sanaladi. Bu jarayonda tartibli tarzda zamonaviy shaharsozlik talablariga javob beradigan yangi massivlarning qurilayotgani katta natija bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, ko‘plab hududlarda kommunikatsiya tarmoqlari eskirgan. Ularni rekonstruksiya qilishdan ko‘ra, yangi, zamonaviy tarmoqlarga ega massivlar qurish samaraliroq ekani xalqaro ekspertlar tomonidan ko‘p aytiladi.

“Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p qavatli uylar barpo etilishi orqali aholining keng qatlami, ayniqsa yosh oilalar uchun imtiyozli kreditlar asosida uy-joy olish imkoniyati yaratildi.
Bu loyihalarning eng muhim jihati, ularning kompleks rivojlanishidir. Ya’ni, uylar bilan birga darhol zamonaviy maktablar va bog‘chalar, poliklinika va tibbiyot markazlari, savdo majmualari va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport maydonchalari va istirohat bog‘lari barpo etiladi.
Xabaringiz bor, 27-aprel kuni davlatimiz rahbarining Farg‘ona viloyatiga tashrifi Qo‘qon shahridagi “Yangi O‘zbekiston” massivida amalga oshirilayodgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshlangan edi.
Bu yer azaldan hunarmandlik va tadbirkorlik markazi bo‘lib kelgan. Biroq aholi zichligi turar joy masalasini ancha murakkablashtirib yuborgan edi. Massivni barpo etish uchun yo‘naltirilgan 1 trillion 850 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ shunchaki qurilish yo‘naltirilmadi. Bu 25 ming nafar aholining taqdirini ijobiy tomonga o‘zgartiradigan yaxlit ekotizimga tikildi desak xato bo‘lmaydi.
Bu yerda 84 ta ko‘p qavatli uy bilan birga oliy o‘quv yurti va biznes markazlarining qurilishi massivning iqtisodiy jihatdan mustaqil hudud bo‘lishidan dalolat beradi. Massivning ilk bosqichida 56 ta o‘n qavatli uy bitkazilib, 4 ming 394 oilaning baxt manziliga aylandi.
Ushbu jarayondagi eng muhim jihat moliyaviy qulaylikdir. Ya’ni, boshlang‘ich to‘lov va uzoq muddatga berilgan imtiyozli kreditlar o‘rta daromadli oilalar uchun o‘z uyiga ega bo‘lishni orzudan reallikka aylantirdi.
Massivdagi fayzli xonadonlardan birida istiqomat qilayotgan Hasan Azizovning hikoyasi bu islohotlarning jonli isbotidir.
– Turmush qurganimizga endigina bir yil to‘ldi, – deydi Hasan Azizov. – Avvallari katta hovlida aka-ukalarimiz bilan bir necha oila bo‘lib yashardik. Albatta, ota-onamiz bilan birga bo‘lish yaxshi, lekin ko‘pchilikning bir manzilda yashashi ham oson emas. Biz aynan shu yerdan ikki xonali uy oldik. Eng qizig‘i, men shu massivning o‘zidagi boshqaruv servis kompaniyasida ishlayman. Ishim ham, uyim ham shu yerda. Turmush o‘rtog‘imning ham ham quvonchi cheksiz. Oshxonasi alohida, issiq suv, gaz muammosiz. Bunday sharoitdan quvonmay bo‘ladimi!?
Bu oiladagi kabi yoshlarning o‘z uyiga ega bo‘lishi jamiyatda yangi ma’naviy muhitni shakllantiradi. Yosh oila alohida uyga ko‘chib chiqqach, ularda mas’uliyat hissi ortadi. Mustaqil qaror qabul qilish va ro‘zg‘or tebratish ko‘nikmalari shakllanadi. Massivdagi maktab va bog‘chalarning yaqinligi esa kelajakda farzandlarning xavfsiz va sifatli muhitda kamol topishiga kafolatdir.
“Yangi O‘zbekiston” massivlari odamlarning yashash tarzini zamonaviylashtirayotgani bilan ahamiyatli. Bu loyihani yoshlarni Vatan ravnaqiga daxldor qilish va xalqimizga munosib hayot taqdim etish strategiyasi deyish mumkin. Qo‘qondagi bu ulkan bunyodkorlik misolida biz davlatning o‘z xalqiga bo‘lgan yuksak e’tiborini ko‘rishimiz mumkin.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi