Baxshilarning dostonlari tinmasin
Olislardan baxshi boboning ovozi eshitiladi. Uning ijrosi mardlik, mehr-muhabbat, halollik, qadim tariximizdan so‘zlaydi...
Keyingi yillarda mamlakatimizda baxshichilik san’ati rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 14 maydagi "Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori milliy tabiatimiz, o‘zligimiz, bebaho an’ana va qadriyatlarimizni, ona tilimiz, folklor san’atimizni-da mujassam etgan baxshichilik san’atini yanada ravnaq toptirish, uning milliy madaniyatimiz va san’atimizdagi o‘rni va ahamiyatini yuksaltirishda yangi ufqlarni ochib berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. San’atning mazkur yo‘nalishi yoshlarimizni "ommaviy madaniyat"ning changalidan asrashda ham o‘ziga xos vositadir.
Mutaxassislarning fikricha, baxshilar xalq turmushi va madaniyati, yurt tarixi va cholg‘u ijrochiligi, xonandalik san’atini puxta egallagan fidoyi insonlardir. Ular jonli xalq tilining turli shakllaridan, so‘z o‘yinlari va qochirimlaridan, xalq maqollari va iboralaridan unumli foydalanish salohiyatiga ega ekani diqqatga sazovor. Baxshining iste’dodi tinglovchini o‘z ijrosiga mahliyo eta olishi, dostonni qiziqarli va zavqli tarzda, mukammal, bexato ijro etishda namoyon bo‘ladi.
Manbalarda keltirilishicha, Po‘lkan shoir yetmishdan ortiq dostonni yoddan bilgan. Har bir doston ikki-uch ming satrdan tortib, o‘n-o‘n besh, hatto yigirma ming misragacha she’rni, qariyb shuncha nazm qismni ham o‘z ichiga oladi. Demakki, xalq baxshilarining salohiyati, favqulodda yodlash va esda saqlash qobiliyati, ijod qilish qudrati nechog‘li yuksak ekanini tasavvur etish qiyin emas. Folklorshunos olimlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston xalq baxshilari Bola baxshi Abdullayev, Shoberdi Boltayev, Abdunazar Poyonov, Boborayim Mamatmurodov, Qora baxshi Umirov, Abduqahhor va Abdumurot Rahimovlar, Shomurod Tog‘ayev, Ziyodulla Islomov, Norbek baxshi Abdullayev, Qalandar baxshi Normetov, Qodir baxshi Rahimov betakror ijrolari bilan baxshichilik san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yil Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali yuksak saviyada, bayramona ruhda o‘tkazildi. Rosti, "ushbu festivalda yurtimiz baxshilaridan boshqa yana kim qatnashar ekan?", "Baxshichilik san’ati, doston ijrochiligiga qiziqadiganlar ham bormi?", deb ajablanganlar ham bo‘ldi. Xalqaro festival shu kabi savollarga barham berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Festivalda dunyoning ko‘plab davlatlaridan ijrochilarning ishtirok etgani, azim Termizga san’at muxlislari sig‘may ketgani, ko‘plarimiz uni oynaijahon orqali tomosha qilganimiz baxshichilik san’atiga bo‘lgan qiziqish nechog‘li katta ekanini yana bir karra namoyon etdi.
Yurtimiz baxshichilik san’ati o‘z yo‘nalishi, maktab va an’analari, ijro yo‘llariga ega ekani yana bir karra mazkur festivalda o‘z ifodasini topdi. Mutaxassislarning qayd etishicha, mamlakatimizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida baxshichilik san’ati rivojlangan bo‘lib, hozirgi kunda Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Shahrisabz, Qamay, Chiroqchi, Dehqonobod, Sherobod, Boysun, Janubiy Tojikiston, Xorazm hamda Qoraqalpoq dostonchilik maktablari mavjud. Ular bir-biridan ijro usullari va repertuarlari bilan farqlanadi.
Prezidentimizning 2021 yil 12 apreldagi "II Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori yurtimiz baxshichilik maktablarini yanada ravnaq toptirish, bu boradagi yutuqlarni namoyish etish, keng ommalashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
N.Usmonova, O‘zA