“Barselona” 16-bor Superkubokka ega chiqdi
Futbol bo‘yicha Ispaniya Superkubogining so‘nggi hal qiluvchi final bellashuvida “Barselona” va “Real Madrid” klublari o‘zaro raqobatlashdi.
Uchrashuvning 36-daqiqasida kataloniyaliklar hujumchisi Rafinya hisobni ochdi. Birinchi bo‘limning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan ikkinchi daqiqada Vinisius gol kiritib, hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, 45+4-daqiqada Robert Levandovski Kataloniya klubini yana hisobda oldinga olib chiqdi. Ushbu goldan 3 daqiqa o‘tib, Gonsalo Garsiya madridliklarning 2-golini kiritdi va muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘limning 73-daqiqasida Rafinya dublni rasmiylashtirib, jamoasining g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa, Ispaniya Superkubogi doirasida 19-marotaba o‘tkazilgan “El-klassiko”da “Barselona” g‘alaba qozondi va mazkur musobaqaning 16 karra g‘olibiga aylandi.
"Barselona" hujumchisi Rafinya uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
“Sofascore” portali o‘yinga oid statistikani e’lon qildi. Unga ko‘ra, “Barselona” jamoasi to‘p nazorati bo‘yicha 68 foiz natija qayd etgan bo‘lsa, 4 ta xavfli vaziyat, 16 ta umumiy zarba, 7 ta aniq zarbalarni amalga oshirdi. Shuningdek, jamoa raqib jarima maydonidagi to‘pga 41 marta tegindi va aniq uzatmalar (paslar) sonini 661 taga yetkazdi.

“Real Madrid” klubi esa 32 foiz to‘pni nazorat qilgan bo‘lsa, 7 marotaba xavfli vaziyatlar yaratdi va ularning 2 tasini golga aylantirdi. Umumiy zarbalar soni 12 ta, ulardan jami 7 tasi aniq bajarildi. Jarima maydonidagi teginishlar esa 29 tani tashkil etdi. 305 marotaba aniq uzatmalarni (paslar) amalga oshirdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Barselona” ushbu g‘alabadan so‘ng jami "El-klassiko"dagi 105-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. "Real" jamoasida esa ayni damda 106 ta g‘alaba mavjud bo‘lib, 52 uchrashuvda durang qayd etilgan. Darvoqe, so‘nggi olti to‘qnashuvda kataloniyaliklar raqibini besh marta mag‘lub etishni uddaladi.

“Real Madrid” 13 oy davomida birorta sovrinni qo‘lga kirita olmadi. Shu vaqt mobaynida klub 6 ta turnirda mag‘lubiyatga uchradi. “Real”ning oxirgi g‘alabasi 2024 yil dekabrda o‘tkazilgan FIFA Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida qayd etilgan. Unda Madrid shahrining bosh jamoasi finalda Meksikaning “Pachuka” klubini 3:0 hisobida mag‘lub etgan edi.
O‘tgan yili “Real” kataloniyaliklarga Superkubok va Ispaniya kubogi finallarida yutqazdi hamda La Liga mavsumini ikkinchi o‘rinda yakunladi. Chempionlar ligasida jamoa chorak finalda “Arsenal”ga, Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida “PSJ” jamoasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA