Barqarorlik va taraqqiyot poydevori
Yaqinda Berlinda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Germaniyada mehnat faoliyatini yuritayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdi.
Ushbu tantanali tadbirda bir guruh vatandoshlarimiz Bosh qomusimizning qadr-qimmati va ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
Elbek Yaxshiyev, “Germaniya temir yo‘llari” kompaniyasi loyihachi injeneri:
– Men “Germaniya temir yo‘llari” (Deutsche Bahn) kompaniyasida loyihachi injener lavozimida faoliyat olib boraman. Germaniyaga oilaviy kelganmiz. Turmush o‘rtog‘im nemis tili o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Yaqinda Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 31 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Konstitutsiyamiz Vatanimiz ravnaqi va jamiyatimizning rivojlanishiga muhim va asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Xalqimiz tomonidan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qayerda bo‘lmaylik, bizning haq-huquqlarimizni himoya qilish bilan birga, farovon hayotimizni qurishga qaratilgani bilan qadrlidir.

Shoxjahon Qosimov, Bavariya federal o‘lkasi Noy-Ulm Amaliy fanlar universiteti talabasi:
– Barqarorlik va taraqqiyot poydevori bo‘lgan yangilangan Asosiy qonunimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi kishiga o‘zgacha xursandchilik baxsh etadi. Xalqimiz tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri huquqlarimizni qo‘llab-quvvatlashi barobarida qadr-qimmatimizni mustahkamlaydi va albatta, farovon hayot qurishimizga xizmat qiladi.
Diyora Sayfiddinova, Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal o‘lkasi Bonn-Reyn-Ziyeg Amaliy fanlar universiteti talabasi:
– Ona yurtdan uzoqda yashashning o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Ayniqsa, yaqinlar va Vatan sog‘inchi bizni O‘zbekistonimizga undayveradi. Lekin mas’uliyat ham bor: bu shu go‘zal diyorga munosib farzand bo‘lish, bilim va salohiyatni oshirishdir. Men shu maqsadda Germaniyada tahsil olyapman.
Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etish menga qanchalar quvonch baxsh etganini so‘z bilan ifodalay olmayman. O‘zbekiston fuqarosi sifatida katta g‘urur va iftixor tuydim.
Bosh qomusimiz fuqarolarning huquq va erkinliklari, mustaqil demokratik davlatning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilmoqda. Yangi O‘zbekistonning yangidan tahrir qilingan Konstitutsiyasi bundan buyon ham mamlakatimizning yanada rivojlanib, gullab-yashnashiga, fuqarolarimizning huquqlarini har tomonlama himoya qilishida huquqiy asosdir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA