Barqaror taraqqiyot yo‘lidagi qat’iy safarbarlik
Mamlakat taraqqiyoti va xalq farovonligi uchun muhim tayanch bo‘lgan sohalarni modernizatsiya qilish hamda aholi turmush darajasini yuksaltirish — yaqin davr ichida Yangi O‘zbekiston davlat siyosatining eng ustuvor maqsadiga aylandi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimiz sifat jihatidan butunlay yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi.
Qayd etish lozim, keyingi yillarda amalga oshirilgan tarkibiy va institutsional o‘zgarishlar tufayli iqtisodiyotda erkin bozor tamoyillari mustahkamlandi, milliy valyutamizning erkin konvertatsiyasi yo‘lga qo‘yildi, valyuta bozori liberallashtirildi va soliq tizimi tubdan isloh qilindi. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy va mahalliy investitsiyalar uchun jozibador muhit yaratish borasidagi qat’iy qadamlar tufayli yuzlab yirik sanoat korxonalari, yangi infratuzilma ob’ektlari va zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari barpo etildi.
Eng muhimi, bu islohotlarning markazida «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oya mujassam bo‘lib, ming-minglab yangi ish o‘rinlari yaratildi, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bo‘yicha mutlaqo yangi va samarali manzilli tizim shakllantirildi.
Biroq erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, dunyoda sodir bo‘layotgan murakkab geosiyosiy va iqtisodiy jarayonlar fonida milliy iqtisodiyotimizni yanada mustahkamlash, ehtimoliy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida tezkor va oqilona qarorlar qabul qilish kun tartibidagi eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan navbatdagi videoselektor yig‘ilishi mamlakatimizning yaqin va olis istiqboldagi iqtisodiy xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi muhim va strategik maydon vazifasini o‘tadi.
Davlatimiz rahbari global iqtisodiyotdagi ehtiyojlar va asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollik sur’ati mahalliy korxonalarimiz va eksportchilarimizga nechog‘li muhimligini chuqur tahlil qilib, barcha rahbarlardan yuqori safarbarlik va mas’uliyatni talab etdi. Yig‘ilishda aniq, manzilli va ilmiy asoslangan chora-tadbirlar belgilab berildi. Qolaversa, tarmoq va hududlarga biriktirilgan ekspertlar hamda «aql markazlari»ga qisqa muddatda chuqur asoslangan takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Ushbu takliflar «resurs – infratuzilma – loyiha – ishlab chiqarish – tushum – eksport» tamoyili bo‘yicha uzviy bog‘langan yaxlit va samarali klaster zanjirini tashkil etadi. Bu yondashuv zamonaviy iqtisodiyot nazariyasidagi «qiymat yaratish zanjiri» va «sinergetik samaradorlik» tamoyillariga to‘liq mos keladi. Har bir bo‘g‘inning keyingisiga uzviy bog‘lanishi resurs va kapitalning amortizatsiya va qaytarilish samaradorligini keskin oshiradi. 2027-yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, byudjet, investitsiya va eksport dasturlari butunlay yangicha yondashuv asosida shakllantiriladi. Inqirozga qarshi boshqaruvda safarbarlik tizimi tashqi raqobatga chidamlilikka qaratilgan strategik modellashtirish hisoblanadi. Bu byudjet va investitsiya siyosatini konservativ va egiluvchan variantda puxta rejalashtirish, ichki imkoniyat va rezervlarni maksimal ishga solish imkonini beradi.
Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan ushbu videoselektor yig‘ilishi Yangi O‘zbekistonning strategik boshqaruv tizimi qay darajada moslashuvchan, tezkor va uzoqni ko‘ra oladigan salohiyatga ega ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdi. Yaqin yillar ichida qo‘yilgan kuchli iqtisodiy baza va institutsional islohotlar bugungi tahlikali global davrda yurtimizning rivojlanish barqarorligini ta’minlovchi ishonchli suyanch bo‘lib xizmat qilmoqda.
Belgilab berilgan vazifalar — kelajakdagi ehtimoliy geoiqtisodiy va moliyaviy inqirozlarga qarshi qo‘yilgan mustahkam qalqon hamda milliy iqtisodiyotimizni yangi sifat bosqichiga olib chiquvchi istiqbolli xaritadir.
Aytish kerakki, «Safarbarlik ssenariysi» va zanjirli rivojlanish modelining amaliyotga joriy etilishi kelgusida mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilarimizni tashqi kon’yunktura salbiy ta’siridan himoya qiladi. Byudjet barqarorligi va fiskal intizomni ta’minlaydi. Yangi va barqaror ish o‘rinlarini yaratishga hamda aholi farovonligini muntazam oshirib borishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz rahbarligida belgilab berilgan vazifalarning to‘liq va samarali ijrosi, eng avvalo, davlat boshqaruvining barcha bo‘g‘inlarida mas’uliyat, intizom va aniq natijaga qaratilgan yondashuvni talab etadi. Bu jarayonda parlament ham chetda turmaydi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qonunlarni takomillashtirish, islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi hamda Prezident topshiriqlarining joylarda ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish orqali belgilangan maqsadlarga erishishga munosib hissa qo‘shadi.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har bir rahbar natija uchun shaxsan javobgar bo‘lgani kabi parlament ham xalq manfaatlarini himoya qiluvchi oliy vakillik organi sifatida islohotlarning amaldagi samarasini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, kuchli parlament nazorati, mas’uliyatli ijro va xalq bilan doimiy muloqot uyg‘unligi Yangi O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashning muhim kafolatidir.
Manzura Salimova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zA