Barqaror kelajak sari global iqlim muloqoti
Ostona shahrida o‘tkazilayotgan mintaqaviy ekologik sammit doirasida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK)ning “Global iqlim o‘zgarishi va OHICHK mintaqasida barqaror rivojlanish” mavzusidagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mintaqa davlatlari hukumatlari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Uning asosiy maqsadi ortib borayotgan iqlimiy xatarlar sharoitida mintaqaviy muloqot va hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Yig‘ilish ishtirokchilari iqlim o‘zgarishi, suv resurslarini boshqarish, atrof-muhit ifloslanishiga qarshi kurash hamda bioxilma-xillikni saqlash kabi dolzarb ekologik muammolarni muhokama qildi. Shuningdek, milliy tajriba almashish, kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish va OHICHKning ekologik yo‘nalishida muvofiqlashtirishni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston nomidan O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farrux Sattorov so‘zga chiqdi.

U o‘z nutqida iqlim o‘zgarishi mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaga allaqachon bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda haroratning oshishi va yerlarning degradatsiyasi kabi iqlimiy xatarlar kuchayib bormoqda.
Javob choralari sifatida mamlakat o‘z majburiyatlarini yanada kuchaytirgan. Jumladan, 2035-yilga borib 2010-yil darajasiga nisbatan yalpi ichki mahsulotning uglerod sig‘imini 50 foizga kamaytirish maqsadi qo‘yilgan. Bu maqsadga erishish uchun katta hajmdagi moliyaviy resurslar talab etiladi — chiqindilarni kamaytirish uchun taxminan 33,7 milliard dollar, moslashish choralari uchun esa 15,7 milliard dollar zarur.

Asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, ekotizimlarni tiklash va iqlim siyosatida iqtisodiy rivojlanishni integratsiya qilish belgilangan. Xususan, 2030-yilga kelib “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Parij kelishuvi doirasida belgilangan maqsadlarga erishish uchun jahon miqyosidagi sa’y-harakatlar hozircha yetarli emasligi, bu holat COP29 natijalarida ham o‘z aksini topgani qayd etildi. Shu munosabat bilan OHICHK doirasida mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Yakun sifatida O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kengaytirish va mintaqada amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA