Barqaror iqtisodiy o‘sish omillari (+video)
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va Barqaror rivojlanish markazi hamkorligidagi “Maqsad” loyihasining bu galgi sonida «Barqaror rivojlanish maqsadlari” oyligi doirasidagi sa’y-harakatlar, natijalar xususida suhbatlashdik. Mehmonimiz – Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev.
BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) biz uchun shunchaki xalqaro majburiyat yoki abstrakt raqamlar emas. Har bir maqsad Davlat byudjetining parametrlari va undagi ijtimoiy xarajatlar bilan bevosita bog‘liq. Davlat byudjeti xarajatlarida BRMdagi vazifalar uchun, xususan, BRMning ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lgan kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirishga muayyan miqdordagi mablag‘lar yo‘naltirilyapti.
Bundan tashqari, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yordam ko‘rsatish bilan birga aholi daromadini oshirish, bandlikni ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha bir qator choralar ko‘rilmoqda.
Barqaror iqtisodiy o‘sish — bu yangi texnologiyalar, innovatsiyalar, samarali infratuzilma, inson kapitali va resurslar bilan chambarchas bog‘liq. Bugun mamlakatimiz oldida turgan asosiy vazifalardan biri — iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, shu bilan birga, uning sifat jihatidan yangi bosqichga chiqishini ta’minlashdir. Iqtisodiyotda sanoatning o‘rni muhim. Sanoatni modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishning muhim shartidir.
Bugun raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt sanoat korxonalarida mehnat unumdorligini oshirish, resurslar sarfini kamaytirish va boshqaruv samaradorligini yuksaltirish imkonini beradi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni sanoatga joriy etish esa davr talabi. Shuningdek, sanoat korxonalarini energiya tejamkor va ekologik toza texnologiyalarga o‘tishini rag‘batlantirishda soliq, moliyaviy va investitsiya mexanizmlaridan foydalanish muhim.
Kadrlar — texnologik taraqqiyotning asosiy omili. Innovatsion sanoatda yangi texnologiyalarni boshqara oladigan muhandislar, texnologlar, dasturchilar va boshqa malakali kadrlar tayyorlanishi kerak.Bu borada “ta’lim — ilm-fan — ishlab chiqarish” zanjirini samarali shakllantirish dolzarb.
Barqaror rivojlanish — bu bugungi iqtisodiy natija bilan cheklanmaydi. U kelajak avlod uchun raqobatbardosh iqtisodiyot, zamonaviy infratuzilma, malakali inson kapitali va ekologik barqaror muhitni shakllantirishni anglatadi. Shu nuqtai nazardan, Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasidagi muhokamalar muammoni qayd etish bilan cheklanmasdan, aniq iqtisodiy yechimlar, moliyaviy mexanizmlar va amaliy takliflarni ishlab chiqishga yo‘naltirilishi maqsadga muvofiqdir.
Erkin Gadoyev bilan suhbatimiz davomida shu kabi masalalarga e’tibor qaratildi. Shuningdek, BRMga erishishda O‘zbekistonning natijalari, parlament nazorati doirasidagi ishlar haqida ham to‘xtalib o‘tildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/IGFU2Er_bwE?si=ygTKn-aZVAAVHl1F" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova,
Ulug‘bek To‘xtayev (videomontaj), O‘zA