Barqaror energiya – barqaror taraqqiyot poydevori
Yurtimizda sanoatning jadal rivojlanishi, aholi sonining o‘sishi, yangi turar joylar va ishlab chiqarish quvvatlarining barpo etilishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni yil sayin oshirmoqda. Shu bois elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bilan bir qatorda, uni iste’molchilarga sifatli va uzluksiz yetkazib berish ham islohotlarning asosiy vazifasi sifatida belgilangan.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar tarmoqni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda. Yangi elektr stansiyalari barpo etilmoqda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari keng joriy etilmoqda, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari qurilmoqda. Eng muhimi, aholi yashash hududlaridagi eski elektr tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilanmoqda. Bu ishlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan energetika xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini yuksaltirish kabi ustuvor vazifalarning amaliy ifodasidir.
Navoiy viloyati mazkur yo‘nalishda mamlakatning strategik hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyatda yirik sanoat korxonalari, erkin iqtisodiy zonalar, logistika markazlari va istiqbolli investitsiya loyihalarining jadal rivojlanishi elektr ta’minoti tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Xatirchi tumanida amalga oshirilayotgan ishlar butun hududning iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi muhim infratuzilma loyihasi hisoblanadi.
Bugungi kunda tumandagi 47 ming 600 nafardan ortiq iste’molchini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida keng qamrovli qurilish va rekonstruksiya ishlari izchil davom ettirilmoqda. Bu ishlar faqat mavjud nosozliklarni bartaraf etish bilan cheklanmay, balki kelgusi yillarda ortib boradigan elektr yuklamasini ham hisobga olgan holda amalga oshirilmoqda.
Energetika sohasida profilaktik yondashuvni kuchaytirish maqsadida tuman elektr ta’minoti balansidagi 932 ta transformator punkti to‘liq texnik xatlovdan o‘tkazildi. Natijada ta’mirtalab ob’ektlar aniqlanib, ularni bosqichma-bosqich tiklash ishlari boshlandi. Qisqa vaqt ichida 34 ta transformator punkti hamda 27,8 kilometr elektr tarmog‘ida ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlandi. Bu ishlar natijasida elektr energiyasini yetkazib berishdagi texnik yo‘qotishlar kamayib, kuchlanish barqarorligi ta’minlanmoqda. Eng muhimi, minglab xonadonlarda elektr ta’minoti sifati sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda.
Yangi qurilayotgan aholi massivlari va istiqbolli hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash ham doimiy e’tibor markazida. Shu maqsadda 6 kilometr yangi elektr tarmog‘i qurildi va 4 ta yangi transformator punkti foydalanishga topshirildi. Bu esa kelgusida yangi uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniyatini kengaytiradi.

Aholi soni va elektr iste’moli ortib borayotgan mahallalarda esa 5 ta transformator punktining quvvati oshirildi, yana 1 ta transformator punkti yuklama markaziga ko‘chirildi.
Bunday keng ko‘lamli ishlarni qisqa muddatlarda bajarish uchun hududda 12 ta maxsus brigada va 7 ta maxsus texnika safarbar etilgan. Shuningdek, tumanda tashkil etilgan maxsus shtab barcha qurilish va ta’mirlash ishlarini yagona reja asosida muvofiqlashtirmoqda. Ishlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarish maqsadida mutaxassislar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlari yaratib berilgan.
Xullas, tumanda elektr ta’minoti nafaqat aholi uchun qulaylik, balki iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylangan. Elektr ta’minoti barqaror bo‘lgan hududda esa sanoat rivojlanadi, tadbirkorlik kengayadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, investitsiyalar jalb qilinadi va aholi turmush sifati yuksaladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri