Barno Isomiddinova: "O‘zingizga "kech" degan chegarani qo‘ymang!" (+video)
Raqamli texnologiyalar maktabi — “School 21” direktor o‘rinbosari Barno Isomiddinova bilan suhbatimiz davomida ayolning oilasi, farzand tarbiyasi va karerasi haqida ham gaplashdik.
Uning o‘zi ham hayotida bu yo‘lni bosib o‘tgan. O‘qishni tamomlab, oila va farzandlar bilan bog‘liq mas’uliyatlar sabab karerasini bir muddat keyinroq davom ettirgan. Ammo buni to‘xtash nuqtasi deb qabul qilmagan. Aksincha, yangi bilim olish, til o‘rganish, xalqaro dasturlarda qatnashish va yangi sohalarni o‘zlashtirish orqali o‘z yo‘lini davom ettirgan.
—Menimcha, ayol uchun oila va karerani bir-biriga qarshi qo‘yish shart emas. Ha, bu oson emas. Ayniqsa, farzand tarbiyasi, oila tashvishlari bilan birga o‘z ustida ishlash, o‘qish, yangi kasb o‘rganish va karera qilishdan gap ketganda ayoldan yanada ko‘proq sabr va harakat talab etiladi.
Men buni o‘z hayotimda his qilganman,—deydi u biz bilan suhbatda.
O‘qishni tugatib, darhol karera qila olmadim. Oila, farzandlar, turli hayotiy mas’uliyatlar bo‘ldi. Keyin ishga qaytganimda «biroz kech qolibsiz» degan gaplarni ham eshitdim. Lekin men bu gapni o‘zim uchun hukm deb qabul qilmadim. Aksincha, «nega endi kech?» degan savolni o‘zimga berdim.
Ingliz tilini o‘rgandim, xalqaro dasturlarda qatnashdim, biznesni o‘rgandim, yangi sohalarga qiziqdim. Keyin raqamli texnologiyalar sohasiga kirib keldim. Buning uchun, albatta, qo‘rqish ham bo‘ldi. Chunki yangi soha — muhit, yangi talablar degani. Ammo inson yangi narsani o‘rganishdan qo‘rqmasa, yoshi qancha bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z hayotida yangi sahifa ochishi mumkin.
Bugun men bir narsaga yanada ko‘proq ishonaman. Ayolning oilasi borligi uning orzulari bo‘lmasligi kerak, degani emas. Farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanish ham katta mehnat. Ammo ayolning o‘zini rivojlantirishi, bilim olishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi ham muhim.
Mening farzandlarim ham harakatimni ko‘rib ulg‘ayishini xohlayman. Ularga «o‘qi», «o‘rgan», «yangi narsaga qiziq», deyish oson. Lekin o‘zingiz o‘qimasangiz, o‘z ustingizda ishlamasangiz, bu gapning ta’siri boshqacha bo‘ladi.
Shuning uchun farzandlarimga so‘z bilan emas, o‘z namunam bilan saboq berishga harakat qilaman.
Bugun ham o‘qiyman. Yangi til o‘rganaman, yangi yo‘nalishlarga qiziqaman, texnologiyalar bilan bog‘liq bilimlarimni oshirishga harakat qilaman. Chunki «menga shuning o‘zi yetarli», degan fikr insonni bir joyda to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Atrofimdagi ayollarga ham bir gapni aytishni xohlayman. O‘zingizni yoshingiz bilan cheklamang. «Menga kech», «endi nimani o‘zgartirardim», «mendan nima chiqardi», degan savollarni o‘zingizga ko‘p bermang.
Ba’zan bizga eng katta to‘siqni boshqalar emas, o‘zimiz qo‘yamiz.
Men 36 yoshimda grant asosida xorijda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lganman. Agar o‘sha paytda «menga kech» deb o‘ylaganimda, bugungi hayotimdagi ko‘plab imkoniyatlar bo‘lmas edi.
Men uchun haqiqiy muvaffaqiyat faqat lavozim yoki karera emas. Oilamga vaqt ajratib, farzandlarimga namuna bo‘lish, shu bilan birga jamiyatga kerakli inson bo‘lib qolish — men uchun muvaffaqiyatning o‘zi.
Ayol ham ona, ham rafiqa, ham mutaxassis, ham jamiyatning faol a’zosi bo‘lishi mumkin.
Bunga erishish oson emas. Lekin imkonsiz ham emas.
Faqat inson o‘zidan: «Menga kech emasmi?» deb emas, «Men bugun nimadan boshlasam bo‘ladi?» deb so‘rashi kerak.
Nigora Rahmonova,
Nishonboy Abduvoitov (video),
Salim Obidjonov (montaj), O‘zA