Barkamol avlodni tarbiyalash yo‘lida
Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Barkamol va sog‘lom avlodni tarbiyalashda jismoniy tarbiya hamda sportning ahamiyati” mavzusida seminar o‘tkazildi.
Olimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Barkamol va sog‘lom avlodni tarbiyalashda jismoniy tarbiya hamda sportning ahamiyati” mavzusida seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Z.Nizomxo‘jayev, madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari M.Aliyev, xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro etuvchi direktori E.Iskandarov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni, jumladan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda mazkur sohaning huquqiy asoslari yaratilishi va mustahkamlanishi soha rivojida muhim omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sportning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning rivojlanishi uchun xalqaro standartlar darajasida shart-sharoit yaratish maqsadida 2002-yilda O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil qilindi. Jamg‘arma tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida zamonaviy sport majmualari, bolalar va o‘smirlar sport maktablari, suzish havzalari, stadion va sport manejlari qurilib, foydalanishga topshirildi va bunday ezgu ish izchil davom etmoqda. Aholi, ayniqsa, bolalar, yoshlar va xotin-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu kabi ezgu sa’y-harakatlar o‘g‘il-qizlarimizning salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan tadqiqotlar va har yili olib boriladigan tibbiy ko‘riklar natijalariga ko‘ra, 2004-yil bilan taqqoslaganda 2014-yilda maktab yoshidagi mutlaq sog‘lom bolalar 12,3 foizga o‘sgan. Bu maktab yoshidagi o‘g‘il-qizlarning umumiy soniga nisbatan 64,5 foizni tashkil etadi.
Mamlakatimizda yosh avlod o‘rtasida sportni ommalashtirish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishning muhim vositasi sifatida uch bosqichli sport o‘yinlari – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari joriy qilinib, hududlarda muntazam tashkil etilmoqda.
Sportga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibor samarasida xalqaro maydonda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, O‘zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo‘lmasligini isbotlay oladigan sportchilar voyaga yetmoqda.
Anjumanda yaqinda kuchga kirgan yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash, undagi qoidalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha aniq maqsadli tashkiliy-huquqiy ishlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.