Barchasi sog‘lom hayot uchun
Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax viloyati filialiga respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Ishtirokchilarga dastlab Prezidentimizning 2022 yil 16 maydagi “Aholiga narkologik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolash, ularga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax hududiy filiali direktori Qahramon Meliboyev. — Natijada Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika narkologiya markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, barcha hududlarda uning filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va aholiga narkologik yordam ko‘rsatish samaradorligi oshirildi.
Ayni kunda makazimizda narkologik bemorlarni ixtiyoriy va majburiy davolash uchun qo‘shimcha 10 o‘rin tashkil etildi. Shuningdek, Zomin, Sharof Rashidov, Forish tumani tibbiyot birlashmalari tarkibida mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tumanlararo punktlari tashkil etilgan.
[gallery-13285]
Tadbir davomida narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash samaradorligini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar, zamonaviy diagnostika va laboratoriya uskunalari hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishtirildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA