Barchasi sayyohlar uchun
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 26 aprel kuni o‘tkazilgan turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida mavjud imkoniyatlarni ishga solib, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilingan edi.
Mazkur vazifalardan kelib chiqib Toshkent viloyatida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2022 yil 30 apreldagi "Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq respublika bo‘yicha maxsus soliq tartibi joriy etildi.
Joylardagi 28 ta tuman-shaharning 135 ta mahallalarida turizm sohasini rivojlantirish dasturlari belgilab olindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent viloyatining Angren shahri va Ohangaron, Parkent, Bo‘stonliq tumanlaridan 21 ta mahalla tanlab olinib, mazkur hududlarda 2022 yilda turizm xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritalari tasdiqlandi.
Ohangaron tumani go‘zal tabiati, so‘lim go‘shalari bilan sayyohlarni jalb etmoqda.
Turistik salohiyati yildan yilga yuksalayotgan tumanning uzoq tog‘li qishloqlarida sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanmoqda. Ertoshsoy qishlog‘ida tashkil etilgan mehmon uylari soni 20 taga yetdi. O‘tgan yili mazkur turistik zona hududiga olib boruvchi 10 kilometr yo‘l asfalt qilindi. Bu boradagi ishlar joriy yilda ham davom etmoqda.
Mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida viloyat Turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi hamda viloyatning mas’ul tashkilot, korxonalaridan tarkib topgan ishchi guruhi tomonidan "Turizm qishlog‘i" ni tashkil etish yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Mahalliy aholi bilan uchrashuvlar jarayonida bosh boshqarma mas’ul xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining mavjud muammolari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Natijada ko‘plab xonadon egalarida oilaviy mehmon uylarini tashkil etish, shuningdek, boshqa turistik xizmatlarni yuritmoqchi bo‘lganlar safi ortmoqda. Kelgusida ular faoliyatini rivojlantirish uchun soliq imtiyozlari va qoidalari tatbiq etiladi.
A.Musayev, O‘zA