Barchani bir maqsad sari jamlagan bayram (+video)
Taxtako‘pir tumanidagi “Qorateran” turistik majmuasida Orolbo‘yida faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlarning “O‘zbekiston - yagona Vatan!” shiori ostidagi ko‘rgazmasi hamda ushbu sanaga bag‘ishlangan “Do‘stlik festivali” haftaligi doirasida gala-konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi A.Orinbayev tadbir ishtirokchilarini bayram bilan qutlab, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda xalqlar do‘stligini mustahkamlash va o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar borasida gapirdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda turli millat va elat vakillari birodarlikda, tinchlik-totuvlikda yashab kelmoqda. Ularning o‘z ona tillarida bilim olishi, milliy qadriyatlari va urf-odatlarini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Prezidentimizning tashabbusi bilan har yili 30 iyul – mamlakatimizda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb nishonlanib kelinmoqda. Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat hamda 16 ta konfessiya vakillari o‘zaro tinchlik va hamjihatlikda istiqomat qilmoqda. Bu Yurtboshimiz tomonidan ishlab chiqilgan hamda izchil amalga oshirilayotgan insonparvarlik va adolatparvarlik tamoyillari asosiga qurilgan siyosatning natijasidir.
[gallery-24575]
Mamlakatimizda barcha fuqarolarning huquq va erkinligi, manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olish, kasb-hunar egallash, millatga xos an’ana hamda qadriyatlarni hurmat qilish, rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” shiori ostidagi do‘stlik festivali ushbu maqsadga xizmat qilmoqda.
Shu kuni Qoraqalog‘iston Resublikasining eng chekka hududlaridan biri - "Qorateran" turistik majmuasi mamlakatimizda bir oila a’zolaridek yashab va mehnat qilayotgan turli millat vakillarini bir maqsad yo‘lida birlashtirdi. U ham bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda “Inson qadri uchun” degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, bunga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shish, shu bilan birga, bugungi kunda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish va uni yoshlarimiz orasida keng targ‘ib qilish kerak.
"Qorateran" turistik majmuasi atrofi bayramona tarzda bezatilgan. Zamonaviy shaklda bezatilgan qora uylar, bayram tantanasi o‘tadigan sahna va uning atrofi go‘zal tusga kirgan.
Bayram tadbirlari mazkur so‘lim turistik manzilda xalq sayillari, milliy-madaniy markazlar tomonidan tayyorlangan milliy taomlar, rassom va hunarmandlarning ko‘rgazmalari bilan davom etdi.
– O‘zaro hurmat va totuvlik alohida darajaga ko‘tarilgan mamlakatimizda madaniy rangbaranglik, birdamlik va o‘zaro hamjihatlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ukrain milliy-madaniy markazi rahbari Olga Mironets. –Turli millat vakillariga o‘z urf-odatlari, tili va madaniy merosini asrab-avaylash va rivojlantirish imkonini berayotgan 157 ta milliy-madaniy markaz va 38ta do‘stlik jamiyati faoliyati ham buni tasdiqlaydi.
Millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan tadbir Toshkent shahri, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zidan tashrif buyurgan taniqli san’at ustalari, estrada yulduzlarining badiiy kompozitsiyali chiqishlari, jozibali raqslari, sho‘x kuy va qo‘shiqlaridan iborat konsert dasturi hamda mushakbozlik bilan davom ettirildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/03zA_ThJRbU?si=gOvv9r0ICnir7Sd-" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA